Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishini apellyasiya instansiyasida ko`rish advokatning shikoyatiga asosan Samarqand viloyati sudiga o`tkazilgan. Bu haqda O`zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma`lum qildi.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Kun.uz’ga blogerga nisbatan jinoyat ishi apellyasiyasi Samarqand viloyat sudida ko`rib chiqilishi rejalashtirilayotganini tasdiqlagan. Ishni ko`rib chiqish sanasi va vaqti hali belgilanmagan.
Ma`lumot uchun, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdorlarining faoliyatini tanqid qilib kelgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy joriy yil 10 may kuni tuhmat va tovlamachilikda aybdor deb topilib, sud hukmi bilan 6,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.