O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Olimov Qaxramon Tanzilovich A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti Toshkent filiali direktori etib tayinlandi. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligi xabar bermoqda.
A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti pedagogika sohasida jahonda taniqli universitet hisoblanadi. Toshkent filialida 2021-2022 o`quv yilidan boshlab “Maktabgacha ta`lim”, “Maxsus pedagogika (Surdopedagogika, Tiflopedagogika, Oligofrenopedagogika)”, “Psixologiya”, “Rus tilini o`qitish nazariyasi va metodikasi” va “Psixologiya va ijtimoiy pedagogika” ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kadrlar tayyorlanadi. Filialda o`qitish grant va shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Qaxramon Olimov 2020-2021 yillar mobaynida O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirining birinchi o`rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o`tamiz, Qaxramon Olimov joriy yil 24 may kuni prezident Shavkat Mirziyoev raisligida maktabgacha ta`lim qamrovini kengaytirish yuzasidan o`tkazilgan yig`ilishda Qahramon Olimov «o`z faoliyatida sustkashlikka yo`l qo`ygani uchun» lavozimidan ozod etilgan edi.