Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirovning o`qituvchilarga berilayotgan oylik haqida bildirgan fikrlari aks etgan videotasvir tarqalib keng muhokama va tanqidlarga sabab bo`lgan edi.
Alisher Qodirov uning fikrlariga bildirilgan tanqidlarga Telegramdagi shaxsiy sahifasida munosabat bildirdi:
So`nggi kunlarda fikrlarimdan “xayp” yasamoqchi bo`lganlar ko`payib qoldi. Bu ham targ`ibotning ajralmas qismi.
Siyosatda tashabbuslar qanchalar foydali bo`lmasin unga qarshi fikrlar bo`lishi kerak. Aks holda harakat bo`lmaydi.
Gaplarimni eshitishayaptimi, demak, bugun yoki ertaga albatta tushunishadi. Men uchun muhimi, takliflarning maqsad va mohiyati xalqimizning og`irini engil qilishga qaratilganligi.
“Xayp” qilinayotgan uchta mavzu bo`yicha qisqa izoh berishga harakat qilaman:
O`qituvchilarning maoshi...
O`qituvchilik eng qimmat kasb bo`lishi kerak. Bunga faqat raqobat bilan erishish mumkin. Raqobat saviyali va saviyasiz o`qituvchini ko`rsatib beradi. Avvalambor, eng qobiliyatlilarni tanlash uchun abiturientlardan ijodiy va psixologik testlar olinishi zarur.
Saviyali o`qituvchi ko`p maosh olsin, saviyasizi o`qituvchilikdan ketsin. Pedagogikada tasodifiy odamlarni ishlashi murakkab operasiyani tasodifiy odam amalga oshirishi bilan bir xil. Farqi, medisinada inson, pedagogikada avlod boy beriladi.
Tarbiya va ta`limda yo`l qo`yilgan xatolarni tuzatib bo`lmaydi. Bugun o`qituvchining barcha toifasiga maosh oshirilayotgani uchun etarli miqdorda maktab qurilmayapdi. 4 yilda 134 ta maktab qurilgan, xolos. Bir sinfga o`rtacha 45 tagacha bola to`g`ri kelmoqda. Bunaqa sinflar va tasodif o`qituvchilar bilan yangi avlod boy beriladi.
Sovet ittifoqini himoyachilariga...
SSSR millatimiz uchun yo`qotilgan davr. Bu davr ruhimizni va qadrimizni sindirib, e`tiqodsizlik, ko`zbo`yamachilik va yolg`onchilik, birovning haqidan qo`rqmaslikka o`rgatdi.
Ko`rinib turibdiki, hali oramizda ruhi siniqlar ko`p. Yangi avlodni bu jarohatdan davolash uchun kurashamiz. Qarshi bo`lgan jiddiy kuchlar bor. Xabardor bo`ling, bu kuchlar o`zbek bo`lib, o`zbek tilida o`zimizni bo`g`ishga harakat qiladilar.
Avtomashina ham qimmat, xarid qobiliyatimiz ham past...
Qarzga to`y qilib obro` talashayotgan odam bu ko`zbo`yamachilikdan boyroq bo`lib qolmasligini tushunmaganidek, mamlakatimizda xarid qobiliyatining pastligi avtomashina sotib olishga xalaqit berayotgan asosiy muammo ekanligini ham tushuna olmaydi, albatta.
Men avtomashinani qimmat emas demadim, xalqimizni xarid qilish qobiliyatini past dedim. 300 dollar maosh oladigan fuqaroga 17 ming dollarlik avtomashina narxini 15 ming dollarga pasaytirding nimayu, pasaytirmading nima? Boshidan boshlab O`zavtomotors mavqeini himoya qilish emas, raqobatbardoshligini shakllantirish tarafdori bo`lganman, hozir ham shunday.
Pulni tushunadiganlarni aytishicha, avtomashinaga sarmoya eng samarasiz sarmoyadir. Sarmoyaning eng samaralisi ta`limga yo`naltiriladi. Qachon odamlar xorijda ta`lim olish uchun pul etmayotganligidan xafa bo`lishni boshlasa, bexavotir rivojlanayotganligimiz haqida gapirishimiz mumkin bo`ladi.
Qisqa tushuntirmoqchi bo`ldim. “Xayperlar”ga tekin reklama uchun, tushunganlarni tushungani uchun rahmat.
Jamiyat o`zgarishi uchun har birimiz o`zgarishimiz kerak. Boshqa yo`l yo`q!






