Internet tarmog`ida Toshkent shahar IIBB xodimi va ichki ishlar bo`limiga kelgan fuqaro orasidagi kelishmovchilik videosi tarqaldi.
Holat bo`yicha Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati ma`lum taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, Uchtepa tumani IIO FMB 7-son ichki ishlar bo`limiga poytaxtda yashovchi fuqaro Ch.T.dan murojaat kelib tushdi. Murojaatchi o`z arizasida 41 yoshli Turg`unpo`lat X.ning undan 6.000.000 so`m qarzi borligini ma`lum qilgan.
2021 yil 5 iyun kuni Uchtepa tumani IIO FMB profilaktika katta inspektori podpolkovnik M. Fozilov Turg`unpo`lat X.ni ichki ishlar bo`limiga kelib tushgan murojaat bilan tanishib, mazkur fakt bo`yicha tushuntirish xati yozishi uchun taklif qilgan. Xodimning ish joyiga Turg`unpo`lat bilan birga uning mazkur ishga aloqador bo`lmagan ikki nafar tanishi (muqaddam ikki marta sudlangan 43 yoshli Farxod Yu. va 34 yoshli Solijon T.lar) ham kirmoqchi bo`lishdi. Xonani tark etish to`g`risidagi iltimosga javoban fuqarolar qo`pol muomalada bo`lib, holatni videoga tushirishni boshlashgan va bu bilan xodimning ish faoliyatiga to`sqinlik qilishgan.
Fuqarolar ichki ishlar bo`limidan chiqarilishi jarayoni yuqoridagi videoga tushib qolgan. Kelishmovchilik davomida Turg`unpo`lat X. tushuntirish xati yozishga tayyorligini bildirib, o`zi ham do`stlarini tinchlantirmoqchi bo`lgan.






