AsosiyJamiyat

Deputatlar qonunni qabul qildilar: pensiya va nafaqalarni tayinlashda bir qator imtiyozlar belgilanmoqda

'Deputatlar qonunni qabul qildilar: pensiya va nafaqalarni tayinlashda bir qator imtiyozlar belgilanmoqda'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palataning yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o`qishda atroflicha ko`rib chiqildi, deya xabar bermoqda Qonunchilik palatasi Axborot xizmati. 

Ta`kidlanganidek, qonun loyihasi bilan pensiya va nafaqalarni tayinlashda bir qator imtiyozlar belgilanmoqda. Xususan, 2021 yil 1 iyundan boshlab, pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to`g`risidagi ma`lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.  

Qonun loyihasi bilan uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo`yicha aniqlangan ortiqcha to`lovni undirish bekor qilinmoqda. Shuningdek, ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o`rtog`i kelgusida pensiya ta`minotiga ega bo`lishlari uchun o`z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ular uchun ham ijtimoiy soliq to`lab borish huquqi berilmoqda. Bu o`z navbatida, oilada bola parvarishi va boshqa yumushlar bilan band bo`lganligi yoki turmush o`rtog`ining xohishiga asosan ishlamagan fuqaro uchun kelajakda pensiya olish imkoniyati beriladi.

Loyiha bilan pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko`ra, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo`yicha tayinlanishi va to`lanishi belgilanmoqda. Bu bilan fuqarolarga doimiy yoki vaqtincha ro`yxatga olingan turar joyi bo`yicha pensiya (nafaqa) tayinlash va to`lash uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.  

Majlisda qonun loyihasi moddama-modda ko`rib chiqilib, ikkinchi o`qishda qabul qilindi. 

    Boshqa yangiliklar