AsosiyJamiyat

Aydar–Arnasoy ko`llar tizimi hamda To`dako`l ko`lida rekreasion ko`llar hududi tashkil etiladi

'Aydar–Arnasoy ko`llar tizimi hamda To`dako`l ko`lida rekreasion ko`llar hududi tashkil etiladi'ning rasmi

 

“O`zbekiston Respublikasida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. 

Qarorga muvofiq, Jizzax va Navoiy viloyatlarining turistik salohiyatini rivojlantirish maqsadida Aydar–Arnasoy ko`llar tizimi hamda To`dako`l ko`lida rekreasion ko`llar hududi tashkil etiladi.  

Shunga ko`ra, mazkur rekreasion ko`llar hududida 2021–2025 yillarda turizmni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Rekreasion ko`llar hududiga kiruvchi er uchastkalarini tadbirkorlarga berish, ularda qurilish va barpo etish loyihalarini amalga oshirish Turizm va sport vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Rekreasion ko`llar hududiga kirish nuqtasida axborot markazi va zamonaviy avtoturargoh tashkil etiladi.

 Shuningdek, tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida rekreasion ko`llar hududida qutqatuv brigadasi faoliyati yo`lga qo`yiladi.

 Qaror bilan tasdiqlangan konsepsiyani amalga oshirish orqali har biri 5 yillik davrni o`z ichiga olgan 3 bosqichli quyidagi natijalarga erishiladi:

➖ Birinchi bosqichda, jami 204 o`rinli 6 ta joylashtirish vositasi, shuningdek, hududda ekoturistik ob`ektlar, ovchilik va suvda dam olish hududlari tashkil etiladi;

➖ Ikkinchi bosqichda, Aydarko`l atrofidagi 33 ming gektar hududda yangi turistik hududlar, joylashtirish vositasi, sog`lomlashtirish maskanlari, sport tadbirlari o`tkaziladigan maydonlar barpo etiladi;

➖ Uchinchi bosqichda, 300 o`rinli joylashtirish vositalari va sport tadbirlari o`tkaziladigan maydonlar tashkil etiladi, 1 200 o`ringa mo`ljallangan avtoturargoh hamda savdo hududi quriladi.

Rekreasion ko`llar hududi va unga olib boruvchi 271 km yo`llar ta`mirlanib, qurilish ishlari amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar