AsosiyJamiyat

“Ular ota-onalarining roziligi bilan kelgan”. Jomboydagi sinfxonalarni ta`mirlayotgan maktab o`quvchilari holatiga izoh berildi

'“Ular ota-onalarining roziligi bilan kelgan”. Jomboydagi sinfxonalarni ta`mirlayotgan maktab o`quvchilari holatiga izoh berildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumanidagi 28-maktab o`quvchilarining ta`mirlash ishlariga jalb qilinganligi aks etgan suratlar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi axborot xizmati ma`lumot berdi.

Prezidentimizning 2021 yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan o`tkazilgan uchrashuvda yoshlarni maktab davridanoq kasb-hunarga o`qitish, dehqonchilik sirlarini o`rgatish bo`yicha “Samarqand tajribasi”ni amalga oshirish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta`minlash maqsadida viloyatdagi ayrim maktablarda o`quvchilarni poliz ekinlari etishtirish, bog`dorchilik, shuningdek, boshqa kasb-hunarlarga o`rgatish tajriba-sinovlari amalga oshirilmoqda.

Darhaqiqat, bunday tadbirlar o`quvchilarni mehnatga o`rgatish, mehnati orqasidan daromad topish, oilasiga moddiy manfaat keltirish hamda tadbirkorlik ko`nikmalariga ega bo`lishida imkoniyat yaratadi.

Ayni kunlarda internet va ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumani 28-umumta`lim maktabi o`quvchilarining maktabdagi engil ta`mirlash ishlariga jalb qilinganligi aks etgan rasmlar turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda.  

Samarqand viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi va Jomboy tuman Xalq ta`limi bo`limi rahbar-xodimlari tomonidan mazkur holat bo`yicha o`rganish ishlari olib borildi. O`rganish davomida haqiqatan ham Jomboy tumani 28-umumta`lim maktabida yollanma ishchi xodimlar tomonidan engil ta`mirlash ishlari olib borilmoqda. Suratdagi o`quvchilar, ya`ni 6 nafar 7-9 sinf o`g`il bolalari maktabda olib borilayotgan ta`mirlash ishlariga yordam berish uchun ota-onalarining roziligi bilan kelganligi ma`lum bo`ldi.  

O`rganish davomida o`quvchilarning ota-onalari ham farzandini o`z roziligi bilan maktabdagi ta`mirlash ishlariga yordam berish va ta`til davrida hunar o`rganish uchun yuborganini tasdiqlashdi. Suratdagi 5 nafar qiz o`quvchilar esa maktabning 11-a va 11-v sinf o`quvchilari bo`lib, ular bilan suhbatlashilganda, qizlar yakuniy davlat imtihonlarining baholarini bilish maqsadida kelganligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur maktab rahbariyati hamda o`qituvchilari, sinf rahbarlari bilan suhbatlashish jarayonida ular o`quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish qonunga zid ekanligidan xabardorligini bildirishdi va o`quvchilarni maktabdagi ta`mirlash ishlariga chaqirmaganliklarini ma`lum qilishdi.  

Ayni paytga qadar olib borilgan o`rganishlar xulosasiga ko`ra, Jomboy tumani 28-umumta`lim maktabi o`quvchilari o`zi va ota-onalarining ixtiyoriga zid ravishda ta`mirlash ishlariga jalb qilinmagan.

Bugungi kunda ushbu holat yuzasidan o`rganish ishlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar