Yunusobod tumanida dala do`konini ochishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo`lgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Yunusobod tumani bo`limlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro D.K. firibgarlik yo`li bilan daromad orttirish maqsadida, tadbirkor A.ga tanishlari orqali tumanda joylashgan dala do`konidan foydalanish uchun ijara shartnomasini rasmiylashtirib berishni 2 000 AQSh dollariga kelishib, shundan 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






