“Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmon bilan barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq ma`lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo`lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlar ro`yxati (33 ta) tasdiqlandi.
Farmonga ko`ra, davlat organlari va tashkilotlari o`z faoliyatiga oid hisobotni har yili:
-1 martgacha veb-saytlariga joylashtirib, 10 martgacha uni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish haqida xabar beradi;
- 1 aprelgacha hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish uchun matbuot anjumanlarini o`tkazadi.
2021 yil 1 iyuldan quyidagilar to`g`risidagi ma`lumotlar Ochiq ma`lumotlar portaliga (Portal) va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
● amalga oshirilgan davlat xaridlari;
● mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
● Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
● o`zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.
Farmonga ko`ra, quyidagi imtihonlarni o`tkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
● OTMning bakalavriat va magistratura imtihonlari;
● o`qishni ko`chirish bilan bog`liq imtihonlar;
● nostrifikasiya test sinovlari.
2021/2022 o`quv yili qabuligacha imtihonlarni Internetda jonli efirga uzatishni ta`minlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo`lgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.






