AsosiyJamiyat

Toshkentda ichki ishlar xodimlari bolali ayolga vahshiylarcha kuch ishlatdimi? Tafsilotlar ma`lum qilindi

'Toshkentda ichki ishlar xodimlari bolali ayolga vahshiylarcha kuch ishlatdimi? Tafsilotlar ma`lum qilindi'ning rasmi

Telegram kanallarida "Ichki ishlar xodimlari bolali ayolga vahshiylarcha kuch ishlatdi" sarlavhasi ostida video tarqatilmoqda. 

Mazkur holat yuzasidan IIV Axborot xizmati munosabat bildirdi. 

Ma`lum qilinishicha, kecha, 16 iyun kuni soat 10:30 atrofida Yunusobod tumani Amir Temur ko`chasida Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati xodimlari Erjan Djiyanbekov va katta serjant Mansur Oripov tilanchilik bilan shug`ullanib, fuqarolarning rahmini keltirish maqsadida go`daklardan foydalanayotgan bir nechta ayollarni ko`rib qolishdi. Shu bilan birga, ayollar o`zlarini va farzandlarini hayotlarini jiddiy xavf-xatarga qo`yib, avtomobil harakati yo`liga chiqishgan.

Fuqarolarning shaxslarini aniqlash uchun ular ichki ishlar bo`limiga taklif qilinganlar, ammo ulardan biri javobgarlikdan qochish uchun baqirishga, qarshilik ko`rsatishga kirishib, atrofdagilarning e`tiborini jalb qilishga harakat qilgan.

E`tibor bering, tarmoqda tarqatilayotgan videoda holat to`liq ko`rsatilmasdan, balandparvoz sarlavha qo`yilgan xolos. Bu orqali huquqni muhofaza qilish organlarining tilanchilik bilan shug`ullanadigan odamlarning "qurollariga" aylangan voyaga etmaganlarni himoya qilish yo`nalishidagi faoliyatlari haqida noto`g`ri tasavvur hosil bo`lishi mumkin.

Videodagi ayolning shaxsi aniqlanganda (M.X. ekanligi ma`lum bo`ldi), u bilan bir necha bor profilaktik suhbatlar o`tkazilganligi aniqlandi. Fuqaro ilgari ham tilanchilik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik ko`zda tutilganligi haqida ogohlantirilgan. Suhbatlar davomida unga bir necha bor ishga joylashishda yordam taklif qilingan, ammo u halol mehnat qilishning o`rniga jazirama issiqda farzandini qiynab tilanchilik qilish yo`lini tanladi.

"Hurmatli blogerlar! Balandparvoz sarlavhalar yozishdan oldin, go`daklarning hayoti haqida o`ylab ko`ring: bunday holatlarda qonunbuzarlarga qarshi qonuniy choralar qo`llanilishiga qarshi bo`lish to`g`rimi?"- deya qo`shimcha qilinadi vazirlik axborot xizmati xabarida. 

    Boshqa yangiliklar