“Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori e`lon qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 avgustdan boshlab Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi va quyidagilar uning asosiy maqsadi etib belgilandi:
- aholining barcha qatlamlari o`rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog`lom turmush tarzi ko`nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
- yoshlarda iroda, o`z kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda jasorat, vatanparvarlik va sadoqat xislatlarini rivojlantirish, yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan, jismonan baquvvat va intellektual salohiyatli Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlarni tayyorlash;
- respublika hududida, shu jumladan olis hududlarda joylashgan qishloqlar, ovullar, mahallalarda sog`lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish;
- aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning xalqaro standartlari va ilg`or xorijiy tajribasini tatbiq etish.
Shuningdek, qaror bilan quyidagilar belgilab qo`yildi:
baholash tizimi bo`yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining etti yoshdan etmish yoshgacha bo`lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi;
sport sinovlari pog`ona va murakkablik darajasidan kelib chiqib, 15 turdagi, shu jumladan uzoq va qisqa masofalarga yugurish hamda suzish, turnikda tortilish, anjomlarni uloqtirish va boshqa mashqlardan iborat bo`ladi;
sport sinovlari ishtirokchilariga 11ta yosh toifasi bo`yicha egallagan o`rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi hamda ular moddiy va boshqa sovg`alar bilan rag`batlantiriladi.






