Bugun, 17 iyun kuni Farg`ona tumani Do`stlik MFY Nilufar ko`chasidagi uylarning birida 50 metr chuqurlikdagi quduqni tozalash maqsadida tushgan fuqaro S.S.ning boshiga ichida turpoq to`la temir chelak tushib, voqea joyida vafot etgan. Bu haqda Favqulotda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Ushbu holatga aniqlik kiritilganda, uy egasi S.S. tomonidan quduqni tozalash ishlari olib borayotgan vaqtda, temir chelak arqoni uzilib ketgan. Boshidagi himoya kaskasi borligiga qaramasdan fuqaro og`ir tan jarohati bilan halok bo`lgan.
Hodisani kuzatib turgan fuqaro R.T. yordam berish maqsadida chuqurlikka tushadi va qaytib chiqolmagan.
Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat FVB xodimlari zudlik bilan belgilangan manzilga etib borgan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida, qutqaruv asbob-anjomlari yordamida 50 metrlik quduqdan 2 nafar fuqaro olib chiqilgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.