Xabaringiz bor, Jahon Chempionati saralash bosqichi 8-turi uchrashuvida O`zbekiston Saudiya Arabistoniga mag`lub bo`ldi. Bu bilan O`zbekiston o`z tarixida ilk bor Jahon chempionati 2-saralash bosqichidan o`ta olmadi. Ikki kundirki, muhokama va tanqidlar maydoniga aylangan mazkur holat bo`yicha O`zPFL rahbari Diyor Imomxo`jaev munosabatini bildirdi.
"O`zbekiston MTJ saralash uchun yig`inni 21 may kuni boshladi, Saudiya esa 31 may kuni. Yakunda 10 kun keyinroq yig`ilgan jamoa 3 ta to`p farqi bilan g`olib chiqdi.
Saudiyani evropalik murabbiy boshqaradi va doim FIFA kunlarini hamda jamoalarning unga bo`lgan munosabatlarini hurmat qiladi, Kuper ham shunday edi. Abramov esa yakunda o`zining qanchalar saviyasiz ekanini ko`rsatdi (aslida bungacha ham 2 marta ko`rsatib, Pekin va London olimpiadalaridan chetda qolishimizga sababchi edi).
Yuqoridagi 10 kunlik O`zPFL rejalariga ta`sir o`tkazadi. Biz mavsumni 30 noyabrdan o`tkazmay tugatish niyatida edik. Kuz oyidagi 3 ta FIFA kunlarini inobatga olib tuzgan taqvimimizda, kubok finali 5 dekabrga to`g`ri keladi. Albatta, oldinda bizni nimalar kutayotganini vaqt ko`rsatadi. Chunki biz O`zbekiston termasining kuz oyidagi rejalari haqida bilmaymiz", - deya yozib qoldirgan Imomxo`jaev.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh-2022 saralash bosqichida terma jamoa muvaffaqiyasizlikka uchragani sabab u egallab turgan lavozimidan ozod etilishi kutilayotgani xabar qilingan.






