Ertaga, 20 iyun kuni 2021-2022-o`quv yili uchun OTMlarning bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga abiturientlarni onlayn ro`yxatga olish boshlanadi. Bu haqda DTM xabar bermoqda.
Bunda abiturientlar telefon raqamini avtorizasiyadan o`tkazib, pasport ma`lumotlari, doimiy yashash manzili va tugatgan ta`lim muassasasi bo`yicha ma`lumotlarni kiritishlari, shuningdek, imtiyozlari mavjud bo`lsa, ularni tekshirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo`lsa, sertifikat ma`lumotlarini kiritishlari mumkin.
Ta`lim yo`nalishlarini esa 2021-2022-o`quv yili uchun OTMlarga kvotalar belgilanib, tillar kesimida tasdiqlanganidan so`ng tanlash mumkin bo`ladi. Ertaga bunday imkoniyat bo`lmaydi.
Abiturientlarni ro`yxatga olish DTMning my.dtm.uz sayti va Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshiriladi.
Ro`yxatga olish 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham) davom etadi va abiturientlar 20 iyulga qadar o`z ma`lumotlarini o`zgartirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo`ladigan bo`lsa, sertifikat ma`lumotlarini kiritishlari mumkin bo`ladi.






