AsosiyJamiyat

Yuridik texnikum bitiruvchilari TDYuUga kirish yo`llanmasini olish imkoniyatidan mahrum bo`ldimi? Adliya vazirligi aniqlik kiritdi

'Yuridik texnikum bitiruvchilari TDYuUga kirish yo`llanmasini olish imkoniyatidan mahrum bo`ldimi? Adliya vazirligi aniqlik kiritdi'ning rasmi

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma`lumotlarda 2020 yilda kiritilgan o`zgartirishlar tufayli yuridik texnikum bitiruvchilari TDYuUga kirish yo`llanmasini olish imkoniyatidan mahrum bo`lganliklari haqidagi anonim murojaat keltirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi:

Birinchidan, xorijiy tilni bilish sertifikatini joriy etishdan maqsad milliy huquq tizimini yanada rivojlantirish orqali yuridik kadrlarni xalqaro maydonda raqobatbardoshligini ta`minlash, shuningdek o`z sohasining etuk mutaxassisi bo`ladigan halol, vijdonli va bilimli kadrlar bilan to`ldirishdan iborat.

Yuridik texnikumlar bitiruvchilariga yo`llanmalar berishda xorijiy tilni V2 darajasida bilish to`g`risidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (IELTS 5,5 ball) talabi 2020 yil oktyabr oyida kiritilgan. Ushbu ma`lumot OAV orqali e`lon qilingan va bevosita yuridik texnikumlarning o`quvchilari e`tiboriga ham etkazilgan (xorijiy tilni bilish talabi 2018 yilda ham bo`lgan, bunda xorijiy tilni bilish darajasi yakka tartibda suhbat o`tkazish jarayonida aniqlanishi belgilangan edi).

Ikkinchidan, suhbatga kirish uchun yo`llanmalarni belgilangan tartibga muvofiq barcha bitiruvchilar emas, balki ular jami sonining 30 foizi olishi mumkin.

Shu sababli, yuridik texnikumga faqatgina tegishli yo`llanma olish uchun o`qishga kiriladi, degan fikrga qo`shilib bo`lmaydi. Bundan tashqari, o`tkazilgan ochiq muloqotlarda bitiruvchilarning aksariyati keyinchalik o`qish emas, balki ishlash niyati borligini bildirgan.

Uchinchidan, yo`llanmalar berish bo`yicha maxsus komissiyalar tomonidan Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, va Xorazm viloyatlari yuridik texnikumlari bitiruvchilariga tegishli yo`llanmalar berilgan.

Bu o`quv yilida TDYuUga kirish uchun suhbatdan o`tishga yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi akademik liseyning 63 nafar bitiruvchilari tavsiyanoma va yo`llanma olishga hujjat topshirgan bo`lib shu kunlarda tegishli komisiya tomonidan ko`rib chiqiladi. Bundan tashqari, yana 29 nafar yuridik texnikumlar va akademik liseyning bitiruvchilarining milliy sertifikat natijalari kutilmoqda.

Shu sababli, “maxsus komissiyadan TDYuUga hech kim yo`llanma olmadi” degan fikr asossiz.

To`rtinchidan, yuridik texnikum oliy ta`lim bilan integrasiyalashgan o`rta maxsus professional ta`lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan davlat ta`lim muassasasi hisoblanadi va unga maktab, lisey va kollejni tugatgandan keyin kiriladi. Bu degani, yuridik texnikumga o`quvchi o`zi xohlab o`qishga kiradi, bu majburiy ta`lim emas, aksincha ixtiyoriy.

Shu bois, yuridik texnikumlarda nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, mutaxassislik, ya`ni yuridik fanlar ko`paytirilgan.

Shunday bo`lsada, yuridik texnikumlarning o`quv rejasiga muvofiq chet tili 1-kurs o`quvchilari uchun asosiy, 2-kurs o`quvchilari uchun esa tanlov fani sifatida kiritilgan, shuningdek 1–2-kurslarda qo`shimcha o`zlashtiradigan xorijiy mutaxassislarning qisqa kurslari ham kiritilgan.

Ta`kidlash joiz, yuridik texnikumgacha o`quvchilar 11 yil maktab, lisey va kollejlarda xorijiy tillarni o`rgangan.

Beshinchidan, hozirgi kunda yuridik texnikumlarda o`tkazilayotgan mehnat yarmarkalaritegishli hududdagi bo`sh ish o`rinlari to`g`risida etarli darajada ma`lumotga ega bo`lish va bitiruvchini shaxsiy kasbiy qiziqishiga ko`ra kasb va lavozimlarni egallashga ko`maklashishdan iborat.

Tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida ishtirok etgan 1625 nafar yuridik texnikumlar bitiruvchilaridan 155 nafari dastlabki bosqichdayoq, ya`ni mehnat yarmarkalar o`tkazish vaqtida bo`sh ish o`rinlari bilan ishtirok etgan tashkilotlarga ishga qabul qilinishi bo`yicha shartnomalar tuzish uchun hujjat topshirishga muyassar bo`lgan.

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (2021 yil 1 martdan o`z kuchini yo`qotgan) muvofiq yuridik texnikum bitiruvchilari egallashi mumkin bo`lgan lavozimlar soni 90 dan ortiqnitashkil etadi. Ushbu lavozimlar bilan Qonunchilik ma`lumotlari milliy bazasi www.lex.uz da tanishish mumkin.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan yuridik texnikumlar bitiruvchilari egallashi mumkin bo`lgan lavozimlar va kasblar sonini yanada ko`paytirish bo`yicha jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Oltinchidan, yuridik texnikum bitiruvchilari barcha abiturientlar kabi test sinovlari orqali ham oliy ta`limga o`qishga kirishga monelik qiladigan omillar mavjdud emas.

Ettinchidan, hozirda mamlakatimizda xorijiy tillarni egallash ta`lim siyosatining ustuvor yo`nalishi sifatida rivojlantirilmoqda.

Jumladan, bu masalada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2021 yil mayda tegishli qarori qabul qilindi.

Unga ko`ra, davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun xorijiy tilni bilish talabgorga qo`yiladigan majburiy malakaviy ko`nikma sifatida belgilandi.

Qolaversa, joriy yilning 1 may sanasidan boshlab, IELTS, TOEFL 
va boshqa xalqaro imtihonlarda yuqori ball olganlarga imtihon xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to`liq qoplab berilishi joriy etildi.

Eng asosiysi milliy sertifikat mavzusida bo`layotgan shov-shuvlarga yuridik texnikumlar o`quvchilari tomonidan yo`llanmalar olish masalasining qanday aloqasi borligi tushunarsiz.

Yuridik texnikumlarni TDYuUga kirish darchasi deb qabul qilish to`g`ri emas. Yuridik texnikumlarning bitiruvchilari bugungi kunda o`z ma`lumoti bilan bir qator kasb va lavozimlarda, xususan notarius yordamchisi, advokat yordamchisi, FHDYo bo`limi inspektori, Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari, sudya yordamchisi hamda davlat ijrochisi lavozimlarida ishlashlari mumkin.

Yuridik texnikumlar o`z bitiruvchilari uchun kasb tanlash, hayotda o`z o`rnini topish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa qator sohalarda faoliyat yuritish uchun bilim beruvchi ta`lim maskanidir, deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi taqdim etgan ma`lumotda. 

    Boshqa yangiliklar