Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 1- va 2-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bo`layotgan murojaatlar so`nggi kunlarda ikki barobarga oshdi. Bu haqda «O`zbekiston 24» telekanali tomonidan tayyorlangan lavhada ma`lum qilindi.
Efirga uzatilgan lavhada muassasadagi bemorlarning ko`pchiligi soha mutaxassislarining ogohlantirishlariga qaramay, karantin talablariga rioya qilmagani, o`zi va yaqinlari salomatligiga bee`tibor bo`lgani, kasallikka qarshi emlanishdan bosh tortgani, natijada aksariyati og`ir havolga tushib qolganini ko`rish mumkin.
«Reanimasiya bo`limida 36 ta o`rin mavjud bo`lib, hozirda ularning 34 tasi band. Bu og`ir va o`ta og`ir kasallar ko`payganidan dadolat beradi. Hozirgi kunda ikkita bo`sh o`rnini o`ta og`ir bemorlar uchun zaxirada ushlab turibmiz», — deydi Zangiotadagi 2-yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimasiya bo`limi mudiri Ahtam Qoryog`diev.
Ta`kidlanishicha, jonlantirish bo`limida yotganlarning aksariyatini koronavirusga qarshi emlanmagan fuqarolar tashkil etmoqda.
2-Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqimli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimovning so`zlariga ko`ra, oxirgi uch—to`rt kun ichida murojaatlar soni ikki barobarga oshgan. Ular orasida shifoxonaga yotqizilayotganlar 1,5 baravarga, kasallarning 13 foizi og`ir holatda olib kelinib, reanimasiyaga yotqizilmoqda. Bemorlarning aksariyatini yoshi 65 dan o`tgan va surunkali kasalligi bor fuqarolar tashkil etmoqda.
«Ko`p kasallarda vaksinasiya qilishga imkoniyati bo`lgan, lekin ular har xil sabablarga ko`ra emlanishni rad etgan… Epidemiologik rejimni hech kim saqlamayapti, ommaviy tadbirlar, to`y, yubileylar ko`paygan. Bularning hammasi, albatta, koronavirus ko`payishiga sabab bo`ladi», — deydi Mirazimov.






