Adliya vazirligi tomonidan “Haqiqat va taraqqiyot” sosial-demokratik partiyasini davlat ro`yxatidan o`tkazish yuzasidan arizalar va ilova qilingan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ikki marta o`rganib chiqildi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar bermoqda.
Partiyani davlat ro`yxatidan o`tkazish bo`yicha hujjatlar “Siyosiy partiyalar to`g`risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonunlar talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilinganligi aniqlandi.
Xususan, “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko`ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy sub`ektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo`lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo`lishi talab etiladi.
Biroq, partiyani davlat ro`yxatidan o`tkazish bo`yicha bor-yo`g`i 9 873 ta imzo yig`ilgan.
Jumladan, 2021 yil 7 apreldagi arizaga 7 675 ta (qo`shimcha 944 ta) va 7 iyundagi arizaga 1 254 ta imzo qo`ygan fuqarolarning ro`yxatlari ilova qilingan.
O`rganish jarayonida aniqlanishicha, imzolar ro`yxatida ko`rsatilgan shaxslarning 42 nafari vafot etgan.
Yuqorida ko`rsatilgan imzolar partiya tuzish bilan bog`liq bo`lmagan holda turli sabablar asosida yig`ilganligi sababli, imzolarni hisobga olmaslik (bekor qilish) haqida bugungi kunga qadar vazirlikka jami 2 292 ta murojaat kelib tushdi.
Shunga ko`ra, “Haqiqat va taraqqiyot” sosial-demokratik partiyasini davlat ro`yxatidan o`tkazish rad etildi.
Shuningdek, “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, tashkiliy qo`mita tuzilgan kundan boshlab uzog`i bilan uch oy faoliyat ko`rsatish huquqiga egaligi va shu munosabat bilan, belgilangan muddat o`tgandan keyin tashkiliy qo`mita o`z faoliyatini tugatishi, imzolar yig`ish to`xtatilishi haqida eslatib o`tiladi.