AsosiyJamiyat

"Kokilli qiz" pannosi Premier Hall kinoteatri yangi dizaynini belgilab beradi

'"Kokilli qiz" pannosi Premier Hall kinoteatri yangi dizaynini belgilab beradi'ning rasmi

Poytaxt markazida joylashgan «Premier Hall» kinoteatri joriy yilda bo`lib o`tadigan "Ipak yo`li durdonasi" Toshkent Xalqaro kinofestivalida lokasiyalardan biri bo`lishi ko`zda tutilgan. Shu sababdan Kinematografiya agentligi ijarachilar bilan kelishgan holda binoning tashqi qiyofasini yangilashga qaror qildi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, ta`mirlash ishlari paytida binoning yuzasida eski panno topilgan. Shundan so`ng, Kinematografiya agentligi ekspertlarni taklif qilib, topilmani o`rganishgan. Panno haqiqatda Alfred Mazitovning qalamiga mansub "Kokilli qiz" mozaikasi ekanligi ekspertlar tomonidan tasdiqlangan. Rassomlar uyushmasi raisi Akmal Nur va ekspertlar pannoni restavrasiya qilish imkoni mavjudligini ma`lum qilishgan. Shundan kelib chiqib, ushbu freskani saqlab qolib, binoning yangi dizaynini aynan "Kokilli qiz"dan kelib chiqib yaratish maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelingan.

Shuningdek, hozirda binoning ijarachilari va quruvchilar bilan qayta muzokalar o`tkazib, ularga yangi dizayn bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Aytib o`tish joizki, bungacha binoni dizayni umuman boshqacha bo`lishi va topilgan panno o`rnida filmlar anonslari uchun ekran o`rnatilishi rejalashtirilgandi. Endilikda aynan "Kokilli qiz" binoning yangi dizaynini belgilab beradi.

 Ushbu o`zgarishlardan so`ng binoning hozirgi Premier Hall nomi qanchalik mos bo`lishi bo`yicha savollar tug`ilmoqda. Shu sababdan shahar aholisidan takliflarni kutib qolamiz. O`tgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda "Kokilli qiz" pannosi atrofida bo`lgan fikrlarni kuzatdik. San`at asariga befarq bo`lmagan, uni saqlab qolish bo`yicha murojaat yo`llagan barchaga minnatdorchilik bildiramiz.

 

Boshqa yangiliklar