Avvalroq internetda e`lon qilingan “O`rta Chirchiqdagi mantiqsiz yo`l kesishmasi” deya e`tirof etilgan holat Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olingani bo`yicha xabar berilgan edi.
Xabarda Toshkent viloyati O`rta Chirchiq tumanidagi “Qumovul” QFY hududida mantiqsiz hamda nihoyatda xavfli yo`l kesishmasi borligi va bu tumanning Furqat ko`chasi aholisiga va shu erdan harakatlanib o`tadigan barcha transport vositasi haydovchilariga noqulaylik tug`dirayotgani aytilgan.
Mazkur holat Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi murojaatiga muvofiq Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yo`llari qo`mitasi mas`ul xodimlari tomonidan o`rganib chiqildi. O`rganish natijalariga ko`ra, “Bektemir-Chirchiq-Chorbog`” avtomobil yo`lining “Qumovul” QFY hududidan o`tgan qismiga o`rnatilgan beton to`siqlar yo`l transport xodisalarini oldini olish uchun o`rnatilgan.
Chunki 2016 yilda ushbu joyda “Bektemir-Iyk ota” yo`nalishida harakatlanayotgan transport vositalari yo`l harakati qoidalarini buzib qarama-qarshi yo`nalishda harakatlanganliklari uchun bir necha bor yo`l-transport xodisalari sodir bo`lgan.
Bu kabi yo`l-transport xodisalarini oldini olish maqsadida ushbu hududda uzunligi 50 metrlik BDO-5 beton to`siqlari o`rnatilib, yo`lning kengligi toraytirilgan. Natijada esa “Bektemir-Iyk ota” yo`nalishida harakatlanuvchi avtomobil haydovchilarining qoidani buzib, qarama-qarshi yo`nalishda harakatlanishining oldi olingan.
Shuningdek, mahalla fuqarolari o`z uylari tomonidan qayrilib olishlari uchun beton to`siqdan joy ochib berishni so`rab qilgan murojaati IIV xodimlari tomonidan mahalla faollari, “Yangi xayot” MFY raisi, viloyat Avtomobil yo`llari hududiy bosh boshqarmasi hamda viloyat IIBB YHXB mas`ul xodimlari bilan birgalikda joyiga chiqib o`rganildi.
Holat bo`yicha fuqarolar so`ragan joydan beton to`siqlarni olinishi turli yo`l-trasport xodisalari yuz berishiga sabab bo`lishi mumkin ekanligi, fuqarolar harakat xavfsizligi talablariga javob beradigan qayrilish joyi esa mahalladan uzoq emasligi, ya`ni 600 metr masofada joylashgani tushuntirildi.
Bundan tashqari, mahalla raisi va fuqarolar murojaatiga muvofiq ushbu ko`chaga 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan” va 5.16.1 “Piyodalar o`tish joyi” yo`l belgilari ham o`rnatilib, yo`l chiziqlari qayta chizib berilgan.