“Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari (15 ta) tashkil qilinadi.
Kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizasiya qilinadi.
Kichik sanoat zonalarini tashkil qilish uchun er maydoni ajratilishi bilan bog`liq qishloq xo`jaligi va o`rmon xo`jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o`rnini qoplash bo`yicha to`lanadigan kompensasiya to`lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
Quyidagi xarajatlar Eksportni rag`batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi:
- 2021–2024 yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo (TIF TN bo`yicha 4410 va 4411 kodlari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi miqdorida;
- 2024 yil 1 yanvargacha mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan qo`shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo`l tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yo`l transportida 7 foizidan ko`p bo`lmagan miqdorida.
2023 yil 1 yanvarga qadar mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan ayrim xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo`llaniladi.
Shuningdek, 2022 yildan har yili may oyida Mebel xalqaro savdo ko`rgazmasi (“Uzbek International Furniture Fair”) o`tkaziladi.






