AsosiyJamiyat

O`zbekistonda yoshlar va xotin-qizlarga 33 mln so`mgacha mikrokreditlar ajratilishi ma`lum qilindi

'O`zbekistonda yoshlar va xotin-qizlarga 33 mln so`mgacha mikrokreditlar ajratilishi ma`lum qilindi'ning rasmi

«Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitish dasturlarini samarali amalga oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyati uchun mikrokreditlar ajratish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Hukumat qarori (388-son, 22.06.2021 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko`ra, tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, mikrofirma va kichik korxona ta`sis etgan shaxslar (qarz oluvchilar) kredit olish uchun «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki yoki aksiyadorlik-tijorat Xalq bankiga elektron ariza bilan murojaat qiladi.

Bank ariza kelib tushgan kunning keyingi kunidan kechikmasdan kredit olish bo`yicha eng qulay filiali yoki bank xizmatlari markaziga murojaat qilish yuzasidan qarz oluvchiga taklif jo`natadi.

Shunga ko`ra, bank tomonidan sertifikat olgan:

 tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, xususan, yoshlar va xotin-qizlarga o`z biznesini tashkil qilish uchun 33 mln so`mgacha bo`lgan miqdorda;

 mikrofirma va kichik korxona tashkil etgan shaxslarga 225 mln so`mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Kredit bir qarz oluvchiga bir marotaba ajratiladi.

Mikrokreditlar:

ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;

alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;

savdo-vositachilikni amalga oshirish;

ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish uchun ajratilmaydi.

Mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan, yoshlarning biznes loyihalariga esa 7 yilgacha muddatga, 3 yilgacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.

Qarz oluvchi – yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ularning talabiga binoan jami kredit summasining 50 foizidan oshmagan miqdorda naqd pulda ajratiladi.

Har oyning 5 sanasiga qadar qarz oluvchilar, ularning qarzdan foydalanish yo`nalishlari va natijadorligi to`g`risidagi tahliliy ma`lumotlar Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etib boriladi.

Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko`ra nodavlat ta`lim tashkilotlari tomonidan yoshlar va ayollarni kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka o`qitish bo`yicha kasblar ro`yxati (54 ta) belgilandi.

    Boshqa yangiliklar