Koronavirus infeksiyasiga qarshi davolashda bugungi kunga qadar orttirilgan tajribani keng joriy etish, zamonaviy davolash usullari va standartlarini yanada ko`proq tatbiq etish maqsadida har bir hududdan davolashda ishtirok etadigan 5 nafar shifokor Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida malaka oshirishadi. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lumki, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi 33 gektar maydondagi 2 ta kompleksni o`z ichiga oladi. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Muassasa 4 ming o`ringa mo`ljallangan.
Reanimasiya bo`limlarida har bir koyka sun`iy o`pka ventilyasiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo`limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo`nalishlar bo`yicha jihozlash ham mumkin.
Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo`yicha eng ilg`or apparatlar o`rnatilgan.
Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o`rtacha 40 kishiga tashxis qo`ysa, bu erdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega.
Ekspress-test usulida qondagi antitanachalarni 10 daqiqada aniqlash imkoni yaratilgan. Polimer zanjirli reaksiyaning antigen ekspress testi yo`lga qo`yilgan bo`lib, 5 daqiqada insonda koronavirus bor yoki yo`qligi aniqlanadi.
Shuningdek, qabul-diagnostika bo`limida multispiral kompyuter va magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen hamda zamonaviy ultratovush diagnostikasini bir vaqtning o`zida bajarish mumkin, deyiladi vazirlik xabarida.






