Bugun, 22 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Peshkulik tadbirkorning videomurojaati tarqaldi:
“Buxoro viloyati Peshku tumanidan murojaat qilyapman. Tadbirkorman. Peshku tumani IIB boshlig`i menga va oila a`zolarimga adovati borligi sababli savdo do`konimizga doimiy ravishda IIB xodimlarini yuborib kuch ishlatib, tazyiq o`tkazib kelmoqda. Iltimos, bizni tadbirkorlik faoliyatimizga xalal berayotgan IIB xodimlaridan xalos qiling!”
Videolavha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas`ul xodimlari tomonidan o`rganildi va viloyat IIB quyidagilarni ma`lum qildi:
10 may kuni tuman IIB YHXG katta inspektori Sh.Q. tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi bo`lim boshlig`i N.V. bilan birgalikda Quchoq mahallasi hududidagi yo`l inshootlarini ko`zdan kechirib yurgan vaqtida, shu hududda joylashgan savdo do`koni oldida, yo`l yoqasida, davlat raqam belgisiz VAZ-2107 rusumli avtomashinani ko`rib qolib, ushbu avtomashinaning kimga tegishli ekanligi, avtomashina tegishli hujjatlari va davlat raqam belgisining mavjud yoki mavjud emasligi, davlat ro`yxatidan o`tgan o`tmaganligini tekshirish maqsadida savdo do`koni oldida to`xtab surishtirgan.
Savdo do`konidan o`zini P.N. deb tanishtirgan fuqaro chiqib, avtomashinaning ukasi P.Q.ga tegishli ekanligini, tegishli hujjatlar va davlat raqam belgisi savdo do`konidan taxminan 800-1000 metr masofada joylashgan yashash uyida ekanligini, avtomashina harakatlanmayotganligi sababli tegishli hujjatlarni ko`rsatmasligini aytib ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabini bajarmagan.
Shu vaqtda bu jarayonga uning ukasi P.Q. ham aralashib, aka-ukalar YHXG inspektori Sh.Q.ga qo`pol muomalada bo`lib, uning qonuniy talablarini bajarishdan qasddan bo`yin tovlab, faol qarshilik ko`rsatib, avtomashina hujjatlari va davlat raqam belgisini ko`rsatishni qat`iyan rad etganlar.
Shundan so`ng, YHXG katta inspektori yuz berishi mumkin bo`lgan noxush holatlarni oldini olish maqsadida, tuman IIB boshlig`ining 1-o`rinbosariga telefon qilib yordam so`ragan.
Tuman IIB boshlig`ining 1-o`rinbosari boshchiligidagi guruh holatga oydinlik kiritish maqsadida “Quchoq” mahallasida joylashgan ushbu savdo do`koniga etib kelishgan. Boshliqning 1-o`rinbosari o`zini tanishtirib, tortishuv sabablariga aniqlik kiritgandan so`ng aka-uka P.N. va P.Q. lardan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar va davlat raqam belgisini taqdim etishni, hujjatlarni ko`rib, biror-bir qonunbuzarlik aniqlanmagan taqdirda qaytarib berishni tushuntirgan bo`lsada, avvaliga ular hujjatlarni taqdim qilishdan qat`iy bo`yin tovlaganlar.
Mazkur jarayonga shu atrofdagi boshqa savdo do`konlarida savdo qilib turgan boshqa qarindoshlar ham aralashib, holatga aniqlik kiritish uchun borgan ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga qat`iy qarshilik ko`rsatib, jarayonni videotasvirga olganlar.
Tuman IIB boshlig`ining 1-o`rinbosari tomonidan qonun talablari qayta-qayta tushuntirilganidan so`nggina, aka-uka P.N. va P.Q.lar VAZ-2107 rusumli avtomashina hujjatlari va davlat raqam belgisini Quchoq qishlog`idagi yashash uylaridan jiyani orqali olib kelib taqdim qilganlar.
IIB xodimlari avtomashinaning tegishli hujjatlari va davlat raqam belgisi borligiga ishonch hosil qilganlaridan so`ng, avtomashina davlat raqam belgisini taqib yurishi lozimligini tushintirib, tegishli profilaktik ogohlantiruv harakatlarini o`tkazgan holda xizmat vazifalarini davom ettirish uchun xizmat joyiga ketganlar.
Mazkur jarayonlar yozib olingan videotasvirlar joriy yilning 22 iyun kuni ijtimoiy tarmoqning “BUXARA.NEWS” kanalida o`zgacha talqin qilinib, go`yoki IIB xodimlari ularning tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilayotgan mazmunda e`lon qilingan.
Mazkur holatda Ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan P.N. va P.Q.larning tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish va boshqa noqonuniy hatti-harakatlar sodir etilmagan.
Videomurojaatdagi holatlar yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi hamda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






