Xabar berilganidek, bugun, 23 iyun kuni Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi o`z ishini boshladi.
Xalqaro, parlamentlararo hamkorlik doirasida ilk marotaba o`tkazilayotgan ushbu Forumning ochilishida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva o`z kirish so`zida barcha tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi.
Bugungi tadbir davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta`minlashda parlamentlar rolini oshirish to`g`risida BMTning maxsus rezolyusiyasini qabul qilishga oid tashabbusi doirasida o`tkazilmoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Mazkur tashabbus barchamizni yanada birdamlikka, belgilangan maqsadlarga erishish yo`lidagi ustuvor vazifalarni o`zaro hamkorlikda amalga oshirishga undaydi. Zero, bugun insoniyat globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan davrda yashamoqda. Taraqqiyot shiddati va yuzaga kelayotgan muammolar global darajada muvozanatlashgan va muvofiqlashtirilgan sa`y-harakatlarni taqozo etmoqda. Shu ma`noda, 2015 yilda dunyo millatlari yakdilligi asosida Barqaror rivojlanish maqsadlarining qabul qilingani yaqin istiqbolda insoniyat farovonligini ta`minlash yo`lidagi muhim qadam bo`ldi. Ushbu maqsadlar dunyo davlatlarining rivojlanish dasturlari va strategiyalarini muvofiqlashtirishga hamda bir oqimga yo`naltirishga xizmat qiluvchi global majburiyatdir. Bu orqali har bir mamlakat taraqqiyot yo`lining umuminsoniy rivojlanish maqsadlari bilan uyg`unligi ta`minlanadi.






