AsosiyJamiyat

“Ipak yo`li durdonasi” Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida rus kinosi kunlari o`tkaziladi

'“Ipak yo`li durdonasi” Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida rus kinosi kunlari o`tkaziladi'ning rasmi

O`zbekiston va Rossiya Hukumatlari qo`shma komissiyasi yig`ilishida Toshkentda VGIK filialini ochilishi va “Ipak yo`li durdonasi” kinofestivali bo`yicha hamkorlik muhokama qilindi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati ma`lum qildi.

Muhokamalar davomida  “Ipak yo`li durdonasi” Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida rus kinosi kunlarini o`tkazish bo`yicha tashabbus ilgari surildi. Rossiya tomoni O`zbekiston tarafning bu tashabbusini to`liq quvvatladi. Shuningdek, Rossiya Madaniyat vaziri Olga Lyubimova Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filialining Toshkentda ochilishini olqishladi. Filial bo`yicha barcha zarur ishlar amalga oshirilishi ma`lum qilindi.

Shu munosabat bilan bugun Butunrossiya davlat kinematografiya institutida institut rektori Vladimir Malshev va O`zbekiston kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.  Tomonlar Toshkentda ochilishi rejalashtirilayotgan  Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali bilan bog`liq masalalarni muhokama qilishdi. Uchrashuv davomida VGIK rahbariyati bilan tuzilgan shartnoma mamlakatlar o`rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun qo`yilgan muhim qadamlardan biri ekanligi ta`kidlandi.  

–  Hozirda 7 nafar o`zbekistonlik yoshlar VGIKda ta`lim olayotgan bo`lsa, joriy yil yana 30 nafar abiturient ushbu oliy ta`lim muassasasining talabasi bo`lishi tarafdorimiz, – deydi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bundan tashqari, yana 15 nafar yoshlarni institutning aktyorlik ustaxonalarida tahsil olishga yuborishni rejalashtirmoqdamiz. Yosh kinoijodkorlarning ta`lim olishini yaxshilashning eng muhim yo`li bu – Toshkentda VGIK filialining tashkil qilinishi bo`ladi. Filial taqdimotini "Ipak yo`li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o`tkazishni maqsad qilganmiz.

    Boshqa yangiliklar