Prezident Shavkat Mirziyoev 23 iyun kuni Yangi O`zbekiston universitetida ta`lim jarayonini tashkil etishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Har bir mamlakatning taraqqiyotini, kelajagini bilimli va aqlli odamlar ta`minlaydi. Barcha sohalarda o`z oldiga katta maqsadlar qo`ygan O`zbekistonda ta`lim sifatiga, bilimli kadrlarni tarbiyalashga davlat siyosati darajasida e`tibor qaratilmoqda.
Barcha hududlarda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bu yoshlarning bilim va salohiyatini aniqlash, ularni to`g`ri yo`naltirish bilan birga xalqimiz orasida katta intilish to`lqinini ham paydo qildi.
Davlatimiz rahbari bilimli yoshlarni mamlakatimizning “oltin fondi” deb atagan edi. Bu yil ana shunday yoshlarning yangi avlodi maktablarni bitirmoqda. Endi ularni yurtimizda o`qitish, yoshlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O`zbekiston universitetiga asos solinmoqda.
Bu universitet davlat oliy ta`lim muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari – nufuzli xorijiy o`quv yurtlarining ta`lim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakalarga ega bo`lgan istiqbolli kadrlar tayyorlash, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, buning uchun har tomonlama qulay muhitni shakllantirishdir.
Shu maqsadda yangi universitetda ta`lim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy o`quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Masalan, Kembrij universiteti qabul imtihonlarini o`tkazadi. Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda o`quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ular ta`lim sifatini nazorat qilish, laboratoriya va kutubxonalarni to`ldirishga ko`maklashadi.
Universitetda 5 ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo`ladi. Darslar o`zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, o`qish davlat granti va to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Ushbu ta`lim maskanining o`quv binosi va kampuslari ham zamonaviy, xalqaro BREEAM sertifikatlariga mos bo`ladi. Ilk o`quv yili shu yil sentyabrdan boshlanadi. Yangi bino qurilguncha darslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bo`sh binolarida vaqtinchalik o`tib turiladi.
Iqtisodiyot tarmoqlaridagi ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalarni ilmiy va innovasion faoliyatga keng jalb etish ham universitetning asosiy vazifalaridan. Shu maqsadda dunyoning etakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik yo`lga qo`yiladi, ilmiy jurnal ta`sis etiladi.
Davlatimiz rahbari universitetda qabul va ta`lim jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, fan, ta`lim va ishlab chiqarish integrasiyasini samarali yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
– Universitet talabalari 1-kursdan o`z sohasi bo`yicha iqtisodiyot tarmoqlari va ilmiy markazlarga biriktirilishi kerak. Vazirliklar, nufuzli institut va yirik kompaniyalar universitetning vasiylik kengashiga kirishi muhim. Ular o`z ehtiyojlarini bildirib, ta`lim jarayoniga integrasiyalashishi, bo`lg`usi mutaxassisga oldindan sarmoya kiritishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz belgilangan chora-tadbirlarni ma`qullab, Yangi O`zbekiston universitetini tashkil etishga oid qarorni imzoladi.
Taqdimotda, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.