AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda qizning suratini internetda tarqatish bilan qo`rqitgan “oshiqlar” qamaldi

'Qashqadaryoda qizning suratini internetda tarqatish bilan qo`rqitgan  “oshiqlar” qamaldi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va Muborak tumanida yashovchi fuqarolar Olim va Odil (barcha ismlar o`zgartirilgan) Telegram orqali tanishib qolgan dehqonobodlik qizlar — Odina va Zarinaning fotoshop qilingan suratini internetda tarqatib yuborish bilan qo`rqitgan. Evaziga esa  pul talab qilgan. Bu haqda tuman IIB boshlig`i o`rinbosari Dilshod Mirzaev ma`lum qildi.  

«Shahrisabz shahri va Muborak tumanida yashovchi fuqarolar — Olim va Odillar o`zlarini oshiq yigitlar sifatida tanishtirib, dehqonobodlik tanishlari — Odina va Zarinaning ko`ngliga yo`l topadi. Qizlarning rasmini olishni uddalagan ‘oshiqlar’ rasmlarni fotoshopda qayta ishlab, qizlarning uyatsiz rasmlarini o`zlariga qayta yuboradi. Va mazkur rasmlarni internetda tarqatishini aytib, qizlarni qo`rqitadi. Bu ishni qilmaslik evaziga esa pul so`raydi», — deydi Dilshod Mirzaev.

Qayd etilishicha, Zarina va Odina tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, mazkur holat haqida xabar beradi. Tuman IIB XPB 1-sonli HTM profilaktika inspektori Xisrav Shamsiev tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borgan. Va tez orada gumondorlar — Olim va Odil qo`lga olingan.

Mazkur ishni ko`rib chiqqan Jinoyat ishlari bo`yicha Nishon tuman sudi huquqbuzarlarni Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 46-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) hamda 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ayblab, ularning har biriga 15 sutkadan ma`muriy qamoq jazosi tayinlagan. Shuningdek, huquqbuzarlar qamoqda o`tirgan har bir sutka uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida jarima to`laydigan bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar