Biroz avval, O`zbekistonda ilk bor koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani to`g`risida xabar bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o`rinbosari Nurmat Atabekovga murojaat qildi:
— Darhaqiqat, bugun yurtimiz ommaviy axborot vositalari va internet saytlarida Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan berilgan ma`lumot – ya`ni vazirlik huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani to`g`risida xabarlar berildi.
Aslida yurtimiz aholisi O`zbekiston hududiga koronavirusning yangi shtammi kirib keladigan bo`lsa, bunga jiddiy e`tibor berishga odatlanib qoldi. Eslasak, bundan avval mamlakatimizda “COVID-19”ning “britancha” shtammi ilk bor aniqlanganda ham aynan mana shunday munosabatlar, shu kabi shov-shuvlarning guvohi bo`lganmiz. Aslida butun Er yuzidagi murakkab pandemiya sharoitida bu narsani to`g`ri va normal holat sifatida qabul qilish lozim.
Dunyo miqyosida koronavirusni ilmiy izlanishlar maqsadida doimiy kuzatib borayotgan ilg`or laboratoriyalar mutaxassislari bergan ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda “COVID-19” kasalligining 5000 ta, ayrim soha vakillarining fikricha esa 7000 dan ko`proq mutasiyaga uchragan shtammlari paydo bo`lgan. Mutasiyaga uchragan shtammlar faqat kasallikning tarqalish tezligi, uni yuqtirib olgan odamlarda engil yoki og`ir o`tishi, yosh toifasida farq bo`lishi mumkin.
Aytish mumkinki, aslida koronavirusning mutasiyaga uchragan va uchramagan hamma shatmmlarining eng asosiy mikroorganizmi “COVID-19” shtammi bo`lganligi va ushbu shtamm bilan chaqirilgan kasallikning klinik belgilari, laboratoriya tashxisi, profilaktikasi, oldini olish choralari, vaksinalardan foydalanib, himoyalanish darajasi bir xil bo`lgani uchun ularni chuqur etiologik omilini aniqlash va qanday virus ekanligini oxirigacha tekshirib borishga ehtiyoj yo`q.
Ilg`or texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani to`g`risidagi xabarga kelsak, dastlabki laborator teshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda. Ammo to`g`ri xulosaga kelish uchun yakuniy tahlillarni to`liq o`rganib chiqish kerak bo`ladi.






