AsosiyJamiyat

53 nafar afg`on harbiylari O`zbekiston hududiga qochib o`tdi — TIV

'53 nafar afg`on harbiylari O`zbekiston hududiga qochib o`tdi — TIV'ning rasmi

O`zbekiston Afg`onistondagi, jumladan, chegaradosh shimoliy viloyatlardagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so`z boradi. 

“Qo`shni mamlakatda zo`ravonlikning ortishi chuqur xavotir uyg`otmoqda. Koronavirus pandemiyasining yangi to`lqini sharoitida keskinlikning kuchayishi afg`on xalqi hayotini yanada murakkablashtirmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O`zbekiston ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga yo`l qo`ymaslikka chaqirmoqda.

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 23 iyun kuni 53 nafar afg`on chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Sho`rtepa tumani hududidan O`zbekistonga o`tgan.

Xabarga ko`ra, zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o`tkazilganidan so`ng ushbu afg`on fuqarolari vataniga qaytarilgan.

“O`zbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat`iy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko`riladi”, deyiladi TIV bayonotida.

Bundan tashqari, O`zbekiston tomoni Afg`oniston bilan an`anaviy do`stona va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash  hamda qo`shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat`iy ma`lum qilgan.

“O`zbekiston hukumati birodar afg`on xalqini har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordam ko`rsatish, jumladan, mamlakatda mustahkam va keng qamrovli tinchlik o`rnatilishiga xizmat qiladigan yirik energetika va transport-kommunikasiya loyihalarini amalga oshirish orqali ko`mak berishda davom etadi”, deya qayd etilgan xabarda.

Eslatib o`tamiz, avvalroq, tolibonlar Tojikiston chegarasi bo`ylab qator hududlarni egallab olgani xabar qilingan edi.

Mavzuga doir: Yuzdan ortiq afg`onlar Tojikistondan panoh topdi — Tolibonlarning Afg`onistonga hujumi katta talofatlar keltirdi.

Boshqa yangiliklar