1

Senat Xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashi qarorini bekor qildi

Jamiyat 25.06.2021, 13:46
Senat Xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashi qarorini bekor qildi

Senatning o`n oltinchi yalpi majlisida xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020 yil 16 apreldagi “Tumanda dehqon va fermer xo`jaliklari tomonidan er uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada ko`paytirish, fermerlarning moliyaviy holatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida”gi 34/06-06-sonli qarorini o`rganish natijalari muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar qildi. 

Aniqlanishicha, Qarshi tumani hokimining 2019 yil 13 fevraldagi X-1749/02-sonli qaroriga asosan fermer xo`jaligini tashkil etish uchun fuqaro D.Elmurodovga 10,1 gektar er maydoni 49 yilga ijaraga ajratib berilgan. Biroq xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020 yil 16 apreldagi 34/06-06-sonli qarori amaldagi bir qator qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan.

Jumladan, xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020 yil 16 apreldagi 34/06-06-sonli qarori bilan Elmurodov Dilshod (“Bog`i obod agro” fermer xo`jaligi) va yana 16 nafar dehqon va fermer xo`jaliklari bilan tuzilgan er ijara shartnomasi noqonuniy ravishda bekor qilingan.

Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o`zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Qolaversa, Er kodeksining 24-moddasi hamda “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi Qonunning 13-moddasiga ko`ra er uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi Qonunning 9-moddasida ma`muriy organ manfaatdor shaxsga ma`muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo`lgan barcha holatlar yuzasidan o`z fikrini bildirish imkoniyatini berishi shartligi belgilangan bo`lsa-da, qaror qabul qilishda dehqon va fermer xo`jaligi rahbarlarining ishtiroki ta`minlanmagan va unga holat bo`yicha o`z fikrlarini bildirish imkoniyati berilmagan.

Mazkur Qonunning 19-moddasiga muvofiq ma`muriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik ma`muriy hujjatlarning va ma`muriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta ko`rib chiqilishiga olib keladi.

Shu jihatdan xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashining mazkur qarorini bekor qilish to`g`risida Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1