AsosiyJamiyat

Oliy ta`lim muassasalariga qabul bo`yicha qanday yangiliklar kutilmoqda?

'Oliy ta`lim muassasalariga qabul bo`yicha qanday yangiliklar kutilmoqda?'ning rasmi

Joriy yilning 25 iyun kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda “2021/2022 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to`g`risida”gi Prezident qarorining mazmun-mohiyatiga bag`ishlangan davra suhbati o`tkazildi. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati xabar berdi

Davra suhbatida 2021-2022 o`quv yilida oliy ta`lim muassasasiga  qabul jarayonlaridagi o`zgarishlar haqida gapirildi.

Jumladan, 2021/2022 o`quv yili uchun bakalavr yo`nalishida kunduzgi ta`lim shakliga 113 530 nafar, sirtqi ta`lim shakliga 37 675 nafar, kechki ta`lim shakliga 6 550 nafar hamda magistrlar tayyorlash bo`yicha 12 900 nafardan iborat davlat buyurtmasi parametrlari belgilanmoqda.

Shuningdek, 2021/2022 o`quv yili qabulidan boshlab davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo`yicha davlat buyurtmasi O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari uchun ham shakllantiriladi. Bunda xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta`lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo`yicha 500 nafar talaba uchun grant o`rinlari ajratiladi.

Abiturientdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga o`qishga qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so`ng majburiy uchta – ona tili (o`zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi fanlari bo`yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o`tkaziladi.

Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan magistraturaga kirish imtihonlariga kiritilayotgan o`zgarishlar bo`yicha ham atroflicha ma`lumot va tushuntirishlar berib o`tildi. Xususan, 2021/2022 o`quv yili qabulidan boshlab, magistraturaga kirish imtihonlari 2 bosqichda o`tkaziladi. Birinchi bosqichda mos fanlar bo`yicha kirish imtihonlari,  ikkinchi bosqichda DTM tomonidan chet tili bo`yicha test sinovlari o`tkaziladi.

Bunda, chet tili bo`yicha tegishli darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abiturientlar test sinovidan ozod qilinadi va mazkur fandan maksimal ball beriladi. Mos fanlar bo`yicha imtihonlar natijalari esa uch kun muddatda OTM tomonidan DTMga taqdim etiladi hamda o`zining veb-saytida e`lon qilinadi.

Shuningdek, endilikda qarorda belgilab berilganidek, oliy ta`lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o`qishga kirish bo`yicha imtiyozga ega bo`lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo`shimcha davlat granti asosida o`qishga qabul qilinadi.

Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish, kirish imtihonlarining tashkil etilishi bilan bog`liq barcha savollarga atroflicha javob berilgan davra suhbati yakunida, sohaga mas`ul bo`lgan vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan ham qo`shimcha ma`lumot berildi.

    Boshqa yangiliklar