Prezident Shavkat Mirziyoev Sergeli tumanidagi Saxovat mahallasi hayoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Mahalla hududi 18 gektar bo`lib, 2016 yilda tashkil etilgan. 41 ta ko`p qavatli uyda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu erda bitta maktab va ikkita maktabgacha ta`lim muassasasi bor.
Ilgari bu mahalla e`tibordan chetda qolgan edi. Joriy yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida hudud to`liq obodonlashtirilib, yangidan chiroy ochdi. Mahalla guzari, Saxovat bog`i, savdo do`konlari barpo etildi. Yo`laklar tartibga keltirilib, bolalar o`yingohlari, avtoturargoh tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko`zdan kechirdi.
Mahalladagi ijtimoiy muammolar manzilli hal etilmoqda. Masalan, turar joyga muhtojlarga uy va subsidiyalar berildi. Ishsiz ayollar va yoshlar bandligini ta`minlash maqsadida qiymati 5 milliard so`mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, mebelsozlik majmuasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari mahalla do`konini ham kirib ko`rdi.
Mahalla ahli bilan suhbatda bugungi o`zgarishlar, tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida muloqot bo`ldi.
- Sergelida ko`plab uy-joylar qurdik, yangi-yangi korxonalar kirib kelayapti. Bu o`zgarishlar odamlar hayotida sezilishi muhim. Endi tumandagi har bir mahalla shunday obod bo`lishi kerak. Aholi bu erda sayr qilib, piyoda yurib, sog`lig`ini mustahkamlab, hayotdan rozi bo`lib yashasa, maqsadimiz shu. Sizlarning baxtingiz - mening baxtim, - dedi Prezident.
Joriy yilda “Obod mahalla” dasturiga ko`ra Toshkent shahriga 1 trillion 300 milliard so`m ajratilgan. Buning evaziga mahallalarda 937 kilometr ichimlik va oqova suv, gaz, elektr tarmoqlari, 545 kilometr ichki yo`llarda qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshiriladi.