Qirg`iziston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenalievga Covid-19 tashxisi qo`yildi. Bu haqda Alimqodir Beyshenalievning o`zi 24.kg axborot agentligiga ma`lum qilgan.
Alimqodir Beyshenaliev 29 mart kuni koronavirusga qarshi Xitoyning Sinopharm vaksinasi bilan emlangan edi.
Vazirning so`zlariga ko`ra, PSR testining natijasi ijobiy bo`lgan va unda infeksiya borligi tasdiqlangan. “Kecha o`zimni juda yomon his qildim. Bugun esa gaplasha olyapman. Men masofadan turib ishlay boshladim », - dedi vazir.
Bir kun oldin, 25 iyun kuni Qirg`iziston Vazirlar Mahkamasining navbatdan tashqari yig`ilishida Sog`liqni saqlash vazirligining aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalar bilan ta`minlash ishlari qoniqarsiz deb topildi.






