AsosiyJamiyat

DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog`liq holatlarga chek qo`ydi

'DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog`liq holatlarga chek qo`ydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 aprelda qabul qilingan “2021 yilda yangi ish o`rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko`maklashish bo`yicha Davlat dasturi to`g`risida”gi Qarorining joylarda ijrosini ta`minlash jarayonida korrupsion holatlarning oldini olish bo`yicha Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan tezkor tadbirlar o`tkazilmoqda. 

Xususan, Xizmatning Xorazm viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirida, viloyat tumanlaridan birining Aholi bandligiga ko`maklashish markazi direktori o`z mansab vakolatini suiste`mol qilgan holda, ishlab chiqarish kooperativ rahbaridan 10 mln. so`m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs mazkur kooperativga a`zo bo`lgan 67 nafar kam ta`minlangan oila vakillari uchun 122,5 mln. so`m miqdorida davlat byudjetidan subsidiya ajratib berib, evaziga 10 mln. so`m talab qilgan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi advokatlik firmalaridan birida advokat bo`lib ishlovchi ayol jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudining hukmiga asosan “Davr bank” XATBning Olmazor tuman filiali hisobiga o`tkazilgan hovli-joyni sud organlarida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qaytarib olib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qiladi.

U so`ralgan pulning 20 ming dollarini oldindan olgan vaqtida DXXning Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi, shahar prokuraturasi va Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahrida kuzatilgan yana bir holatda esa 1994 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan fuqaro o`zganing ishonchiga kirib, uni Qirg`iziston Respublikasidagi tibbiyot yo`nalishiga ixtisoslashgan oliygohning birinchi bosqichini tamomlaganligi to`g`risidagi qalbaki hujjatlarni tayyorlab, so`ngra mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o`quv yurtlaridan birining ikkinchi bosqichiga kiritib berishni va`da qiladi hamda evaziga 5,5 ming AQSh dollari so`raydi.

U mazkur pul mablag`ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Qoraqalpog`iston Respublikasining Chimboy tumanida yashovchi, 1982 y.t. fuqaro qurilish firmasi ish yurituvchisining ishonchiga kirib, unga mansabdor tanishlari orqali qurilish ob`ekti olib berishini aytadi va evaziga qurilish ob`ekti uchun byudjetdan ajratiladigan 8 mlrd. so`m miqdoridagi pul mablag`ining 8 foizini berishini so`raydi.

DXXning Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`yicha boshqarmasi xodimlarining Departament va ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirida firibgar shaxs avans sifatida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar