Avval xabar berganimizdek, Senatning o`n oltinchi yalpi majlisi o`z ishini davom ettirmoqda.
Majlis davomida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining Qonuniylikni ta`minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy komissiyalari a`zolari, ekspertlar, mutaxassislar ishtirokida mazkur Qonun o`rganilib, dastlabki tarzda ko`rib chiqilgan.

Ta`kidlanganidek, Qonunning maqsadi vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e`tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e`tiqod qilmaslik huquqini ta`minlashning qonuniy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, davlatning din ishlari bo`yicha siyosatini takomillashtirishdan iborat.
Ushbu Qonunning hozirgi kunda dolzarbligi, o`tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e`tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta`lim olishni va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta`minlash, dinlararo va millatlararo nizolarni kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur Qonun bilan inson huquqlari bo`yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume`tirof etilgan huquq va erkinliklarni va bevosita O`zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o`z ichiga olganligini, ushbu omillarni inobatga olmay turib mamlakatimizda yashovchi millatlar va elatlar o`rtasidagi o`zaro do`stlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turli diniy e`tiqodlari va his-tuyg`ularini hurmat qilishni ta`minlashning imkoni yaratiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.
