Bugun butun dunyoda koronavirus infeksiyasini engish va pandemiyani to`xtatish uchun barcha chora-tadbirlar ishga solinmoqda, shu bilan birgalikda kasallikka qarshi emlash u bilan kurashishning eng samarali usuli ekani tobora oydinlashib bormoqda.
Xo`sh, “COVID-19” infeksiyasiga qarshi emlash pandemiyani to`xtatishga qodirmi? Aslida koronavirusga qarshi vaksinasiya nima uchun kerak? Nega bugun emlash tadbirlariga bu qadar jiddiy e`tibor berilmoqda?
SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovga murojaat qildi.
— Mutaxassis sifatida aytingchi, dunyo tajribasiga ko`ra, vaksinasiya jarayonlari kasallikning oldini olishda qanday samara bermoqda?
— Ma`lumki, bugun “COVID-19” infeksiyasi odamlarni qo`rquv va tahlikada ushlab turgan jiddiy kasaliklardan biriga aylandi. Afsuski, o`tgan bir yildan ortiq vaqt davomida kasallik qanchadan qancha insonlar yostig`ini quritdi.
Aytish lozimki, shunday og`ir va murakkab sharoitda bu xastalikka qarshi samarali kurashish uchun bir nechta vaksinalar yaratilib, ayrim mamlakatlarda ushbu vosita yordamida pandemiyani jilovlashga erishilmoqda.
Misol uchun, hozirgi paytda Isroilda “COVID-19” bilan kasallanish holatlari bo`yicha dunyo mamlakatlari orasida eng past ko`rsatkich qayd etilmoqda. Ushbu yurt aholisining 53 foizi koronavirusga qarshi to`liq 2 dozada emlanishi shifoxonalarda “COVID-19”ni davolashga mo`ljallangan bo`limlarning butunlay yopilishiga sabab bo`ldi.
Hindistonda esa aksincha emlash bilan bog`liq tadbirlar sust ketayotgani sababli epidemik vaziyat qaltis bo`lib turibdi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, hozirda ushbu mamlakatda kuniga 50-100 mingdan ortiq inson koronavirusni yuqtirib olmoqda. Shu bilan birga, bunday murakkab vaziyat virusning yangi mutasiyalari paydo bo`lishiga ham sabab bo`layotir. Shunday bo`lsada, vaksina er yuzi aholisi o`rtasida virusning barcha mutasiyaga uchragan turlariga qarshi tura oladi.
— Mutaxassis sifatida aytingchi, nima yaxshi: emlanishmi yoki kasallikni boshdan o`tkazish?
— Shuni ayta olamanki, emlanishning himoyasi kasallik o`tkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroqdir. Chunki emlashda neytrallovchi antitanachalarning miqdori kasallik o`tkazgandan keyin shakllanadigan antitanachalar miqdoridan ancha yuqori bo`ladi. Shu bilan birga, vaksina olmagan insonlarda kasallikning og`ir kechishi va o`lim holati kuzatilishidan tashqari, ularni kasallikning asoratlari qiynaydi, bunday insonlarda uzoq muddatli nafas olish, yurak qon-tomir tizimi hamda bosh miyaning shikastlanishi davom etishi mumkin.
Ma`lumki, bugun xalqimiz salomatligini asrash, ularni bu kasallikdan himoya qilish maqsadida yurtdoshlarimiz bepul emlanmoqda. Bu ham bo`lsa, insonparvarlikning chinakam ifodasidir.
Biroq yaratib berilgan mana shunday imkoniyatdan foydalanmaslik, nafaqat o`zimiz, balki yaqinlarimiz salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qo`yadi. Afsuski, emlanishga ana shunday bepisand munosabatda bo`lgan va bugun shifoxonamizning reanimasiya bo`limida havo etishmasligi va nafas qisishidan qattiq azob chekayotgan bemorlarning holatini ko`rib, ochig`i, yuragim eziladi. O`rni kelganda, hatto, ularga biz shifokorlar ham yordam bera olmayotganimizdan qiynalaman.
Zero, pandemiyani faqat vaksinasiya bilangina to`xtata olamiz!






