AsosiyJamiyat

6 oy davomida 130 kg.dan ziyod giyohvand vositalarining aylanmasiga chek qo`yildi

'6 oy davomida 130 kg.dan ziyod giyohvand vositalarining aylanmasiga  chek qo`yildi'ning rasmi

Giyohvandlik nafaqat ma`lum bir shaxsga, balki butun jamiyatga tahdid soluvchi salbiy illatdir. Shu bois uning oldini olish maqsadida yurtimizda tizimli ishlar yo`lga qo`yilgan bo`lib, har yili “26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” sifatida belgilangan.

Bojxona organlarida ham bu borada doimiy ravishda tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilib, giyohvand vositalarining yurtimizga turli qing`ir yo`llar orqali kirib kelinishining oldi olinmoqda.

Raqamlarga ko`ra, 2021 yilning o`tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idora vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 239 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida 130 kg.dan ziyod og`irlikdagi giyohvandlik vositalarnining noqonuniy aylanmasiga o`z vaqtida chek qo`yilgan.

Aytish kerak, bojxona sohasidagi islohotlar, qolaversa, chegara bojxona postlarida yangi zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish bilan o`z samarasini bermoqda. Ya`ni, inson tana a`zolarini skanerlovchi uskuna - “bodi-skaner”, temir yo`l vagonlarini skaner qiluvchi maxsus inspeksion-ko`rik majmualari orqali juda ko`plab giyohvandlik vositalarining yurtimizga noqonuniy kirib kelishiga chek qo`yilmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara-bojxona postida “bodi-skaner” qurilmasi ko`magida post orqali harakatlangan fuqarolarning organizmida 47 dona skotchlangan o`ramlar borligi aniqlanib, ochib ko`rilganida ularning ichiga 423 grammdan ortiq og`irlikdagi “opiy” hamda 17 dona oq rangli tabletkalar joylangani ma`lum bo`lgan.

Shuningdek, “Sariosiyo” temir yo`l chegara-bojxona postida ham qo`shni davlatdan yurtimizga kirib, tranzit tarzida harakatlangan yuk poezdi inspeksion ko`rik majmuasi orqali bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, vagonlarda qariyb 172,5 kg. og`irlikdagi giyohvand vositalari yashirib qo`yilganligi aniqlangan.

Bojxona xodimlari giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash borasidagi chora-tadbirlarni izchillik bilan davom ettirishmoqda.

    Boshqa yangiliklar