AsosiyJamiyat

Senatorlar Qonunni nega rad etishdi?

'Senatorlar Qonunni nega rad etishdi?'ning rasmi

Senatning o`n oltinchi yalpi majlisida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, BMTning korrupsiyaga, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni g`ayriqonuniy ravishda muomalaga kiritishga, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka hamda terrorizmni  moliyalashtirishga qarshi kurash to`g`risidagi Konvensiyalari talablari ijrosini ta`minlash, jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo`yicha nufuzli xalqaro tashkilotlarining (FATF standartlari, Evroosiyo guruhi hamda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish  tashkiloti) tavsiyalarini milliy  qonunchilikka implementasiya qilishda mazkur o`zgartirish va qo`shimchalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur Qonun bilan 3 ta Kodeks va 8 ta qonunlarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, “Jinoyat va Jinoyat-prosessual” hamda “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi kodekslarga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar  hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi, “Davlat bojxona xizmati  to`g`risida”gi, “Davlat soliq xizmati to`g`risida”gi va “Qimmatli qog`ozlar  bozori to`g`risida”gi, shuningdek, “Prokuratura to`g`risida”gi qonunlarga o`zgartirish kiritilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunni ishlab chiqishda milliy qonun hujjatlari, xorijiy mamlakatlar tajribasi va yurist-olimlar fikrlari o`rganilmagan va tahlil qilinmaganligi qayd etildi.

Shuningdek, ushbu holatlar, o`z navbatida, turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta`kidlandi.

Bundan tashqari, qonunchilik tashabbusi huquqi sub`ekti hamda qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so`ngra amaldagi qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o`rganib chiqish va shundan so`nggina Jinoyat, Jinoyat prosessual, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodekslariga maxsus musodara qilish choralarini belgilash maqsadga muvofiq hisoblanishi bildirildi.

Shu bois Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

    Boshqa yangiliklar