Prezident Shavkat Mirziyoev 26 iyun kuni "Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qarorni imzoladi.
Qarorga ko`ra:
- qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umume`tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;
- harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari bo`yicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa ma`muriyati tomonidan ko`zdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qat`iy ta`minlash;
- qiynoqqa solish holatlari to`g`risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko`rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;
- qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko`rsatilishini hamda ularga etkazilgan zararning kompensasiya qilinishini ta`minlash;
- qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta`minlash;
- qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo`yicha faoliyat natijalari to`g`risidagi ma`lumotlarni keng jamoatchilikka etkazish;
- qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish.
Bundan tashqari qaror bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo`yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.