27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan har yili an`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovi g`olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi bosh direktori Asadjon Xo`jaev milliy media sohani ravnaq toptirish davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning doimiy e`tiborida ekanini ta`kidladi. Yurtboshimizning soha xodimlariga bayram tabrigi, bir guruh jurnalistlar, noshirlar, ijodkorlarni Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlagani buning yorqin dalilidir. Bugun jurnalistlar nainki muammoni ko`rsatib berishi, balki uning real echimiga oid taklif va tavsiyalarini ilgari surishi ham muhimdir.
O`zbekiston Milliy axborot agentligi –O`zA bosh direktori Abdusaid Ko`chimov Prezidentimizning soha vakillariga tabrigi shunchaki tabrik emas, balki samimiyati, hayotiyligi bilan har bir ijodkor uchun g`oyat muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi. Yangi O`zbekiston poydevorini, Uchinchi Renessans asoslarini yaratishda ommaviy axborot vositalari xodimlari eng oldingi safda bo`lishi lozim.
"Yilning eng faol jurnalisti" respublika tanlovidan ko`zlangan asosiy maqsad jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, intellektual saviyasini yuksaltirish, ijodkorlarning yurtimiz hayotidagi faolligini rag`batlantirish, ularni ma`naviy va moddiy qo`llab-quvvatlashdir.
O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovi mamlakat miqyosidagi ijodiy loyiha bo`lib, televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet jurnalistika sohasida tahririyatlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan eng faol jurnalistlar aniqlanishini ta`kidladi. Bunda ijodkorning faolligi, materiallar mavzularining dolzarbligi, ijtimoiy ahamiyati, ulardagi tanqidiy-tahliliy ruhga alohida e`tibor qaratiladi. Tanlovga o`tgan yilning 1 iyunidan joriy yilning 1 iyungacha bo`lgan davrda matbuot, internet nashrlari, radio,televidenieda chiqqan, uzatilgan materiallar hakamlar hay`ati tomonidan ko`rib chiqiladi. Ijodiy ishlarni baholashda mavzularning ijtimoiy ahamiyatiga, so`z mas`uliyati, ifoda mahorati kabi jihatlarga alohida e`tibor qaratildi.
O`ttizga yaqin jurnalist mazkur tanlovda g`olib deb topildi. Ularga diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.
Tanlov g`oliblaridan Qoraqalpog`iston Respublikasi teleradiokompaniyasi muharriri Ziyada Tojimuradova, "Ovozi tojik" gazetasi muxbiri Mirasror Ahrorov, "kun.uz" sayti muxbiri Tolib Rahmatov soha xodimlariga ko`rsatilayotgan katta e`tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bugun Yurtboshimiz tomonidan bizga yuksak ishonch bildirilmoqda,–dedi "Sevimli" telekanali muxbiri Manija Bahrieva. – Bunday yuksak ishonch sabab zimmamizda ulkan mas`uliyat borligini yanada teran anglaymiz.
San`at ustalari ijrosida konsert namoyish etildi.






