Samarqand shahrida 26 iyun kuni fuqaroni tibbiyot institutiga o`qishga kiritib qo`yish uchun 7000 dollar talab qilgan o`quv markaz rahbari qo`lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga R.Sh. va M.M.lar ariza bilan murojaat qilib, unda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi X. va A. R.Sh.ni Toshkent tibbiyot institutiga o`qishga kiritib qo`yish uchun 7000 dollar so`ragani hamda ularga nisbatan qonuniy chora ko`rilishi aytilgan.
Mazkur arizaga asosan, Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda viloyat Jinoiy qidiruv boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o`tkazilgan. Tadbirda Samarqand shahridagi xususiy o`quv markazi rahbari B.A. xonasida ariza muallifidan 7000 dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tumani ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






