1

Prezident qiynoqqa solishning oldini olish tizimini takomillashtirish bo`yicha qaror qabul qildi

Jamiyat 28.06.2021, 19:37
Prezident qiynoqqa solishning oldini olish tizimini takomillashtirish bo`yicha qaror qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 26 iyun kuni “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorni imzoladi. 

Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi doirasida qabul qilingan Qarordan ko`zlangan maqsad – Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, shuningdek BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo`mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish bo`yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.

So`nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash holatlariga mutlaqo yo`l qo`ymaslik maqsadida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog`liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko`rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo`yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish lozim.

Shuning uchun Prezident Qarorida, avvalambor, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo`yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevralda BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ta`kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo`yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini erga uradigan, insoniylikka zid bo`lgan qiynoqlarning har qanday ko`rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo`l qo`ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat`i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”.

Davlat rahbari o`shanda O`zbekiston Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikasiya qilishi haqida bayonot bergandi. Qarorda bu borada bir qator muhim vazifalar ko`zda tutilgan. 

Xususan, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi Ombudsman va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llashga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokoliga O`zbekiston Respublikasining qo`shilishi masalasi bo`yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarurligi belgilangan.

 

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1