29 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar tufayli O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo`jaligi, transport va boshqa tarmoqlarda kooperasiyani kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish borasida birgalikdagi sa`y-harakatlarni davom ettirish muhim ekani ta`kidlandi. Hamkorlik bo`yicha yangi loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo komissiya alohida o`rin tutishi qayd etildi.
Etakchilar joriy yilda Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini tashkil etish masalalariga alohida to`xtaldilar. Bo`lajak ko`p tomonlama tadbir dasturini puxta tayyorlashga kelishib olindi.
Prezidentlar xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashib, Afg`onistondagi, jumladan, ushbu mamlakat shimoliy chegaraoldi hududlaridagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.
O`zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, do`stona va ishchan ruhda o`tdi.