Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida 29 iyun kuni dalada harakatlanayotgan kombayn yonib ketdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, hodisa Muborak tumani Qoraqum mahallasi hududining ochiq er maydonida sodir bo`lgan. Aniqlanishicha, harakatlanib ketayotgan «Kosonagroglobal» MChJga qarashli 2009 yilda ishlab chiqarilgan kombayn yonib ketgan.
Voqea joyiga soat 15:53 atrofida 2 ta yong`in-qutqaruv bo`linmasi etib borib, yong`in soat 16:10 da to`liq o`chirilgan. Hozirda yong`in sababi va moddiy zarari o`rganilmoqda. Yong`in oqibatida hech kimga tan jarohati etmagan. Shuningdek, yong`in-qutqaruv qismidan voqea joyigacha bo`lgan masofa taxminan 35 kilometr bo`lgani aytilgan.






