29 iyun kuni soat 11.00 da Surxondaryo viloyat sudi binosida sudlanuvchi O. Sattoriyga oid jinoyat ishini apellyasiya instansiyasida ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni bo`lib o`tdi. Mazkur jinoyat ishi Samarqand viloyat sudining apellyasiya sudlov hay`ati tomonidan ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig`ining xabar berishicha, bugungi sud majlisida sudga raislik qiluvchi Samarqand viloyat sudi sudyasi I. Hamidov tomonidan sud tarkibi e`lon qilinib, hozir bo`lgan sud ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirildi.
Shundan so`ng taraflarda sudlov hay`ati tarkibini rad qilishga oid arzlar yoki iltimoslar bor yoxud yo`qligiga aniqlik kiritildi. Sudlanuvchi O. Sattoriy prokuror va sudlov hay`ati tarkibiga raddiya bildirdi. Uning raddiyasi taraflarning fikri o`rganilgan holda hal etilib, qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Shuningdek, sudlanuvchi O. Sattoriy va uning himoyachisi Sh. Xolmurodov sudga iltimosnoma kiritib, sudlanuvchi O. Sattoriyning otasi A. Sattoriyni himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilishini so`radi. Ushbu iltimosnoma Jinoyat-prosessual kodeksining 423-moddasi (sud majlisida ajrim chiqarish tartibi) tartibida hal etilib, qanoatlantirildi hamda A. Sattoriy himoyachi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilindi. Unga Jinoyat-prosessual kodeksining 53-moddasi (himoyachining huquq va majburiyatlari) da nazarda tutilgan huquqlari hamda majburiyatlari tushuntirildi.
Shuningdek, sud muhokamasining tayyorlov qismida jabrlanuvchi T. Shopulatov va O`. Turdievning himoyachisi “Surxon Adolat ximoyasi” advokatlik byurosi advokati S. Mamatqulovaning sog`ligi yomonlashganligi bois sud muhokamasini keyinga qoldirish to`g`risidagi, sudlanuvchining himoyachisi Toshkent shahar “Adolat sari” advokatlik byurosi advokati Sh. Xolmurodov ishga yangidan kirishganligi sababli jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish, sud muhokamasiga tayyorgarlik ko`rish uchun zarur vaqt berilishiga oid iltimoslari ko`rib chiqildi. Iltimosnomalar asosli ekanligi inobatga olinib, keyingi sud majlisi 2021 yil 30 iyun kuni soat 10:00 ga qoldirildi.
Sud muhokamasi ochiq majlisda hamda oshkora ko`rilganligi sababli ommaviy axborot vositalarining vakillari, jurnalist va blogerlar yoki boshqa shaxslarning sud majlisiga kirishiga monelik qilingan holatlar yuz bermadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ochiq va shaffof tarzda boshlangan ushbu sud majlisiga OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar kiritilmadi, degan mazmundagi asossiz xabarlar tarqatilmoqda.
Aziz Obidovga ko`ra, sud jarayoni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta`minlash to`g`risida”gi qarori talablariga to`liq rioya etgan holda o`tkazildi. Sud majlisiga kechikib kelgan hamda jarayonni audio yoki videoyozuvga olish uchun belgilangan tartibda iltimosnoma kiritmagan ayrim jurnalist va blogerlar yuqorida nomi qayd etilgan qaror bilan yana bir karra tanishib chiqsalar, foydadan xoli bo`lmasdi.
Eslatib o`tamiz, jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko`ra, O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) qo`llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo`shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.