AsosiyJamiyat

Kiberxavfsizlik bo`yicha global xarajatlar kelgusi besh yil ichida har yili 15 foizga o`sadi

'Kiberxavfsizlik bo`yicha global xarajatlar kelgusi besh yil ichida har yili 15 foizga o`sadi'ning rasmi

“Jismoniy” chegaralari aniq belgilangan quruqlik, dengiz va havo makonlaridan farqli o`laroq, kibermakonda bunday chegaralar mavjud emas. Bu esa davlatlardan muvozanatli va o`zaro manfaatli qarorlarni qabul qilish hamda mazkur yo`nalishdagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab etmoqda. 

Shu bois O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi (MDH) sammitida ilgari surilgan Hamdo`stlik doirasida axborot xavfsizligi bo`yicha xalqaro ekspertlar forumi o`tkazish tashabbusi ahamiyatlidir.

Joriy yilning 29 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo`mitasi ko`magida tashkil etilgan xalqaro forumda mutaxassislar o`z e`tiborini bir qator dolzarb mavzularga qaratishdi. 

Tadbir kun tartibiga raqamli iqtisodiyot rivojlanishi sharoitida axborot xavfsizligini ta`minlash, kibermakondagi jinoyatlarga qarshi kurashish, axborot infratuzilmasi ob`ektlarini texnik himoyalash, axborot makonida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda raqamlashtirish davlat va jamiyat hayotining ajralmas qismi bo`lib, bu uning kafolatlangan himoyasini talab qiladi. Cisco kompaniyasi prognozlariga ko`ra, kiberxavfsizlik bo`yicha global xarajatlar kelgusi besh yil ichida har yili 15 foizga o`sadi va 2025 yilga kelib 10,5 trillion AQSh dollarini tashkil etadi. Vaholanki, 2015 yilda bu xarajatlar 3 trillion AQSh dollari bo`lgan.

Agar 2021 yilga mo`ljallangan kiberjinoyatchilik bo`yicha global xarajatlar prognoziga e`tibor qaratadigan bo`lsak, u quyidagilardan dalolat beradi:

• yiliga 6 trillion AQSh dollari;

• oyiga 500 milliard AQSh dollari;

• haftasiga 115,4 milliard AQSh dollari;

• kuniga 16,4 milliard AQSh dollari;

• soatiga 684,9 million AQSh dollari;

• daqiqasiga 11,4 million AQSh dollari;

• soniyasiga 190 ming AQSh dollari.

Bundan ko`rinadiki, davlat va xususiy sektor vakillari kibertahdidlarni bartaraf etishga katta mablag` ajratishmoqda. 

Tahdidlar esa yil sayin o`sib bormoqda. Xususan, Jahon iqtisodiy forumi ma`lumotlariga ko`ra, 2020 yilda kiberhujumlardan global iqtisodiyot 2,5 trillion AQSh dollari miqdorida zarar ko`rgan.

O`zbekiston tashabbusi bilan bo`lib o`tgan xalqaro ekspertlar forumida raqamli iqtisodiyotni va raqamli ko`nikmalarni rivojlantirishda hamkorlikni chuqurlashtirish, kibermakonda xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish mavzulari ishtirokchilarning diqqat markazida bo`ldi.

«Cybersecurity Ventures» tadqiqot kompaniyasi ma`lumotlariga ko`ra, 90 foiz holatlarda axborot xavfsizligi tahdidlariga inson omili sababchi bo`ladi. Zararli dasturlarning aksariyati elektron pochta orqali yuboriladi. 2024 yilga kelib elektron pochta xabarlari soni kuniga 361,6 milliardga etishi taxmin qilinayotgan bir paytda, xakerlar ushbu umumiy aloqa oqimiga zararli dasturlarni kiritishni istashlari ajablanarli emas.

Forumda kiberxavfsizlik sohasida kadrlar tayyorlash, foydalanuvchilarni yangi tahdidlardan ogohlantirish va kibersalohiyatni ko`tarish masalalariga ham alohida to`xtalib o`tildi.

Yana bir jihat. Pandemiya davrida davlat, jamiyat va xususiy sektorning raqamlashuvi sur`atlari bir necha barobar tezlashdi. Joriy qilingan cheklov choralari masofaviy ta`lim, tibbiyot, elektron savdo va boshqa sohalar rivojlanishiga sezilarli darajada ta`sir ko`rsatdi. Shu bilan birga, mazkur sohalar kibertahdidlarning asosiy nishoniga aylandi. Bunday sharoitda axborot xavfsizligini ta`minlash iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Koronavirus pandemiyasining global oqibatlari ham forumning dolzarbligi va o`z vaqtida o`tkazilayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Forumda so`zga chiqqanlarning aksariyati bu borada o`z fikr va mulohazalarini bildirishdi hamda muammolarga echim yo`llarini taklif etishdi. Xususan, kibermakondagi turli tendensiyalarni hisobga olgan holda MDH mamlakatlari uchun kompleks hamkorlikning asosiy yo`nalishlari belgilab olindi. Ushbu sohadagi o`zaro hamkorlik axborot xavfsizligini ta`minlash va Hamdo`stlik davlatlarining umumiy tahdidlarga qarshi kurashda umumiy kelishuvga erishishidan dalolat beradi.

E`tiborli jihati, ekspertlar tomonidan bildirilgan va umumiy tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar tadbirning yakuniy hujjatida aks etishi jamoaviy kiberxavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan eng muhim qadamlardan biri bo`ldi.

 

Temur Ahmedov,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo`lim rahbari

    Boshqa yangiliklar