“Yuksalish” umummilliy harakati BMTning Bolalar jamg`armasi – YuNISEF bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlar uchun do`stona shahar” global tashabbusini amalga oshiradi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi.
Tashabbus mahalliy boshqaruv tizimida bolalar huquqlarini amalga oshirishga alohida e`tibor qaratishga hizmat qiladi, shuningdek, bolalarning fikri va ehtiyojlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi bo`lgan jamoatchilikni shakllantirishga yordam beradi.
Maqsad – bolalar va yoshlarning bevosita ularning hayotiga tegishli masalalar bo`yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishiga va tegishli ravishda joylarda harakat daturlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga yo`naltirilgan tizimli yondashuvni qo`llashdir.
— O`zbekiston hukumati yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, ularning boshqaruvdagi ishtirokini oshirish masalalarini davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biriga aylantirgan, - deydi YuNICEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — YuNISEFning "Bolalar va yoshlarga do`stona shahar" global tashabbusi mahalliy darajada mavjud yoshlar dasturlariga tizimli yondashishga, samarali amalga oshirish va baholashga yordam beradi. 2021 yil O`zbekistonda "Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deya e`lon qilingan. Men, aynan shu yilda O`zbekistonning ushbu tashabbusga qo`shilayotganini ma`lum qilishdan juda mamnunman.
Tashabbus doirasida quyidagi yo`nalishlar qamrab olinadi:
- yoshlar bandligi tizimini takomillashtirish;
- qo`shimcha ta`lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
- yoshlar madaniyatini rivojlantirish;
- xavfsizlik va farovon atrof-muhitni yaratish;
- sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish.
— YuNISEF bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur tashabbus muhim bo`lgan yana bir masalani qamrab oladi. Bu — yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, muhim qarorlar qabul qilinishida ularning ishtirokini kengaytirish, yoshlarning ovozini eshitish, - deydi "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Bizning vazifamiz bu borada tizim yaratish, tadqiqotlar o`tkazish va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etishga qaratiladi. Tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirgan shaharlarga aynan yoshlar takliflarini, muammolarini hal etish uchun qo`shimcha moliyaviy ko`mak ajratish ham ko`zda tutilgan.
O`zbekistonda “Bolalar va yoshlar uchun do`stona shahar” dastlab turli viloyatlardagi 5 ta shaharda amalga oshiriladi. Buning uchun hamkor tashkilotlar uslubiy, texnik va moliyaviy ko`mak beradi. Avvalo, joylarda bolalar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilinib, ularni takomillashtirish bo`yicha dasturlar shahar hokimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Ma`lumot uchun: “Bolalar va yoshlar uchun do`stona shahar” global tashabbusi YuNISEF tomonidan 1996 yilda BMTning aholi punktlarini rivojlantirish masalasi bo`yicha ikkinchi konferensiyasi rezolyusiyasi doirasida ilgari surilgan. Bugungi kunda ushbu tashabbus dunyo bo`ylab 3 000 ta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlarni qamrab olgan.
Tashabbusni amalga oshirishda, shuningdek, Oliy Majlis Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq ta`limi vazirligi va Maktabgacha ta`lim vazirligi, mahalliy hokimliklar hamkorlik qiladi.
Mazkur tashabbusni har ikki yilda bir marta shaharlar va tuman markazlari o`rtasida ham o`tkazish taklif qilindi.






