“N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5169-son, 01.07.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi “N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti” Federal davlat avtonom OTMning Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi.
Filial faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri sog`liqni saqlash tizimi va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun muhim ilmiy-amaliy muammolarni hal qilishga qodir yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash hisoblanadi.
Filial Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan alohida tarkibiy bo`linmasi bo`lib, ta`lim jarayoni rus tilida olib boriladi.
Filial ta`lim faoliyatini 2022/2023 o`quv yilidan boshlaydi.
Abiturientlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestasiyadan o`tkazish Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Filial bitiruvchilariga O`zbekistonda oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.
2021/2022 o`quv yilida O`zbekiston fuqarolaridan 35 nafarining quyidagi mutaxassisliklar bo`yicha ordinatura dasturlariga muvofiq Universitetda ta`lim olishi tashkil etiladi:
● Radiologiya;
● Onkologiya;
● Gematologiya;
● Bolalar onkologiyasi;
● Endokrinologiya;
● Nefrologiya;
● Pulmonologiya;
● Rentgenendovaskulyar tashxis va davolash;
● Yurak-qon tomir jarrohligi;
● Pediatriya;
● Allergologiya va immunologiya;
● Neyroxirurgiya.
Shuningdek, davlat granti asosida tahsil olgan Filial bitiruvchilari O`zbekistonning davlat tibbiyot muassasalarida kamida 5 yil ishlash sharti bilan ishga taqsimlanadi.






