AsosiyJamiyat

Turkiya va O`zbekiston o`rtasida «E-permit» tizimini ishga tushiriladi

'Turkiya va O`zbekiston o`rtasida «E-permit» tizimini ishga tushiriladi'ning rasmi

30 iyun – 1 iyul kunlari O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo`yicha o`zbek-turk qo`shma komissiyaning yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Transport vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Uchrashuvda ikki davlat o`rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida qulay shart-sharoitlarni yaratish, o`zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, xalqaro yuk tashuvlari jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhokama etildi.

Xususan, yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o`rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimini amaliyotga tadbiq etish bo`yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.   

Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama/tranzit hamda uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun yo`l yig`imlari to`lovidan ozod etgan holda 2021 yil yakuniga qadar qo`shimcha 2022 yil uchun ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash bo`yicha kelishuv imzolandi.

Ikki tomon vakillari mazkur uchrashuv mamlakatlarimiz o`rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va so`nggi avlod IT ishlanmalarini sohaga keng joriy etish orqali xalqaro transport koridorlari faoliyatini samarali tashkil etishda muhim qadam bo`lib xizmat qilishini ta`kidlashdi.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar va yo`nalishlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo`yicha navbatdagi tadbirlar rejasi belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar