1

O`zbekistonda anomal issiq kutilayotgani yuzasidan hukumat shoshilinch choralar ko`rishga kirishdi

Jamiyat 05.07.2021, 09:07
O`zbekistonda anomal issiq kutilayotgani yuzasidan hukumat shoshilinch choralar ko`rishga kirishdi

Avval xabar qilganimizdek, ayni paytda O`zbekistonda anomal issiq havo kuzatilmoqda. "O`zgidromet" 6-8 iyul kunlari harorat me`yordan 8 darajagacha yuqori bo`lishi haqida xabar berdi. 

O`zbekiston hukumati iyul oyining birinchi yarmida mamlakatga issiq havo oqimi kirib kelishi oqibatida hududlarda ob-havo harorati o`ta keskin ko`tarilishi kutilayotgani munosabati bilan shoshilinch choralar ko`rishga kirishdi. Bu haqda "Gazeta.uz" xabar qildi. 

Topshiriq prezident administrasiyasi rahbari Z.Nizomiddinov tomonidan imzolangan va bosh vazir A.Aripov va uning o`rinbosarlari, viloyatlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari rahbarlariga yo`llangan. Unga ko`ra, favqulodda vaziyatda aholi salomatligini himoya qilish, havo harorati keskin ko`tarilishi oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shoshilinch tarzda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi ko`rsatilgan.

Xususan:

  • tuman va shaharlar hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar va idoralarda doimiy navbatchilikni yo`lga qo`yish, zarur kuch-vositalar va maxsus texnikalarning to`liq shayligini ta`minlash, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilash;
  • OAV va ijtimoiy tarmoqlarni keng jalb etgan holda aholini o`z salomatligini asrashi uchun hushyor bo`lishga chaqirish, jumladan issiq havodan himoyalanish, ko`proq suyuqlik iste`mol qilish, zarurat bo`lmagan hollarda uydan tashqarida yurmaslik, ayniqsa surunkali kasalligi bo`lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalarni himoyalash yuzasidan keng tushuntirish ishlarini tashkil etish;
  • aholi gavjum joylarda, jumladan, bozorlar, sayilgohlar, ko`ngilochar maskanlarda birinchi tibbi yordam ko`rsatish bo`yicha vaqtinchalik tibbiyot punktlarini tashkil etish;
  • davolash-profilaktika muassasalarida issiq havo oqibatida surunkali kasalliklari xuruj qilishi mumkin bo`lgan toifalarni e`tiborga olib, tegishli koyka-o`rinlar va dori vositalari zaxiralarini etarli miqdorda shakklantirish;
  • umumiy ovqatlanish korxonalarida ovqatlarni tayyorlash va saqlash, bozorlarda va oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchi savdo shoxobchalarida mahsulotlarni tashish va saqlash qoidalariga qat`iy rioya etish, aholining buzilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanishining oldini olish yuzasidan nazorat ishlarini kuchaytirish bo`yicha vazifalar berilgan.

Shuningdek, daryo va ko`llar, aholi dam olish maskanlarida xavfsizlik masalalarini kuchaytirish, buning uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchlarini to`liq safarbar etish zarur.

Topshiriqda bolalar lagerlari, dam olish oromgohlari va sihatgohlarda keskin issiq ob-havodan himoyalanish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish, bunda kun tatibiga qat`iy rioya qilish, ochiq osmon ostidagi mashg`ulotlarni cheklash, bolalarga kun davomida jismoniy yuklamani imkon qadar kamaytirish va toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, oromgohlarda sanitariya-gigiena qoidalari va me`yorlariga qat`iy amal qilish ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta`kidlangan.

Topshiriqqa muvofiq, energetika tarmoqlari, jumladan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta`minoti tizimlarining barqaror ishlashini ta`minlash zarur.

Barcha darajadagi energetika va kommunal xizmat ko`rsatish tashkilotlarida tun-u kun navbatchilikni yo`lga qo`yish, avariya holatlari oldini olish va tezkor bartaraf etish choralarini ko`rish kerak.

Shuningdek, qishloq xo`jaligida ko`p yillik tajribaga ega bo`lgan soha mutaxassislari, dehqonlar va olimlarni jalb qilib, ekinlarni va yaratilgan hosilni saqlab qolish choralarini ko`rish topshiriq qilingan.

Qolaversa, noodatiy issiq havo natijasida kuchli yomg`ir yog`ishi ehtimolini inobatga olib, joylarda sel toshqinlari xavfining oldini olish choralarini ko`rish, tog` va tog` oldi hududlardagi yorib chiqishi mumkin bo`lgan yuqori tog` ko`llari bo`yicha sel yo`llari holatini nazoratga olish bo`yicha ko`rsatmalar berilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1